Olimlarning kuzatuvlaricha tarixda ko‘plab shaharlarning vayron bo‘lishi, yo‘q bo‘lib ketishi o‘zaro janglardan ko‘ra ko‘proq tabiiy ofatlar, jumladan, zilzilalar tufayli sodir bo‘lgan ekan.

Xo‘sh, o‘tmishda ilk yer silkinishlar qachon sodir bo‘lgan? Qadim zamonlarda odamlar yer qimirlashiga qanday choralar ko‘rishgan?

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi milliy arxeologiya markazi bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Abdulhamid Anorboyev O‘zA muxbirining shu kabi savollariga javob berdi.

— Yurtimizda ilk yer silkinishlar qachon sodir etilgani haqida ma’lumotlar bormi?

— Yurtimizda 10 balli kuchli  zilzila miloddan oldingi I asrda, ya’ni bundan 2060-2080 (ikki ming oltmish – ikki ming sakson) yil oldin Farg‘ona vodiysida sodir etilgan. Ayniqsa, Shimoliy Farg‘ona shaharlaridan biri Axsikat (o‘sha paytlarda Farg‘ona deyilgan) va hozirgi Pop hududlari yer bilan yakson bo‘lib ketgan. Yer  ba’zi joylarda 6-7, ayrim hududlarda 10 metrgacha yorilgan ekan.

Axsikat yodgorligining quyi qatlamlarini o‘rgangan paytlarimiz ba’zan me’moriy qoldiqlar chiqmaganida, “Nega hech narsa yo‘q”, deya hayron bo‘lgandim. Buning sababini keyinroq bilsam, 9-10 balli zilziladan keyin hech narsa qolmas, silkinish g‘alvirdek elab tashlar ekan.

— Temuriylar davri tarixda juda ko‘p iz qoldirgan. Shu vaqtlarda ham zilzilalar qayd etilganmi?

— Bizga ma’lum bo‘lishicha, oradan 500 yil o‘tgach, ikkinchi kuchli  yer qimirlashi melodiy eramizdan avvalgi IV asr  oxirlari, V asr boshlarida sodir bo‘lgan. 9 balli silkinish natijasida juda ko‘p shaharlar vayronaga aylangan. Bu zilzila ham Farg‘ona vodiysida yuz bergan. Bunda Shimoliy Farg‘onadagi shaharlar katta zarar ko‘rgan. Xususan, hozirgi temir yo‘l vokzali oldidagi Qirqxujra yodgorligi o‘rnida joylashgan Pop (qadimda Bob deyilgan) shahri butunlay vayronaga aylanadi. Shundan keyin shahar g‘arb tomonga Balandtepa yodgorligi o‘rniga ko‘chadi.

Keyingi yer qimirlashlar  VII asrda  7 yarim 8 ball atrofida sodir etilgan. Undan keyin Qoraxoniylar davrida (XI-XII asrlar) 7 ball atrofida  silkinish, 1384 yilda esa undan kuchliroq yer qimirlagan. 1620 yil Bobir Mirzoning otasi Umarshayx Mirzo o‘ziga poytaxt qilgan Axsi (Axsikat) shahri 9 balli zilzila tufayli chinakamiga vayron bo‘lib, yo‘q bo‘lib ketgan.

— 1966 yilda poytaxtda sodir bo‘lgan zilzila ayrim ma’lumotlarda 7, ba’zilarida 8 ball deb qayt etiladi. Aslida qaysi biri to‘g‘ri?

—1966 yildagi zilzila  8 ball  bo‘lgan. Ko‘p narsa vayron bo‘lib ketgan. Sobiq sovet ittifoqi davrida tashqaridan yordam kiritmaslik uchun 7 ball deb e’lon qilishgan.  Markazdagi yerlar yorilgan, xalq juda katta talofot ko‘rgan. Ammo o‘sha paytlarda ham baquvvat qurilgan binolar omon qolgan. Misol uchun Fanlar akademiyasining binosi 1944 yilda qurilgan. Kuchli silkinish vaqtida  binoning ba’zi bir joylarida devorlari ozroq yorilgan, xolos. Demak, bino kamida 8 balli zilzilaga bardosh bera oladigan qilib qurilgan ekan.

— Qadim zamonlardan buyon Farg‘ona vodiysida yer silkinishlari ko‘p bo‘lishining sabablari nimada?

—Chunki Pomir va Tangi tog‘ (Tyan Shan) tog‘lari hamda ularning atrofi hozirda ham doimiy o‘sishda. Shuning uchun ushbu joylar seysmik hudud hisoblanadi. Agar uzoq geologik tarixga murojaat qilsak, bundan million yillar avval ushbu tog‘lar past bo‘lgan va sekin-asta yeo‘tarilishi, ya’ni o‘sishi natijasida hozirgi ko‘rinishga ega bo‘lgan. Bunday doimiy harakatda bo‘lgan joylarda vaqti-vaqti bilan zilzilalar bo‘lib turishi tabiiy bir xol. Shuning uchun Farg‘ona vodiysi va Toshkent vohasida qurilayotgan binolar 9 balli zilzilaga bardosh beradigan qilib qurilishi shart.

— Odamlar bunday yer qimirlashlariga qarshi qanday choralar qo‘llagan?

— Xalqimizda, “sinch uyim, tinch uyim”, degan maqol bor. Ayniqsa, vodiyning seysmik zonalarida bundan 3 yarim, 4 ming yil avvaldan boshlab uylar sinchli qurilgan. Bu usul qoraxoniylar davrida yaxshi tarqalgan. Samarqanddagi devoriy rasmlar bilan bezalgan qoraxoniylar saroyi ham qo‘sh sinch uslubida qurilgan. Bunday bino 9 ballga ham chidagan. Kuchli zilzila paytida binoning devorlari ozroq zarar ko‘rsa ham, lekin uning tomi bosib qolmagan.

 

Nigora Rahmonova suhbatlashdi, O‘zA