Qonun loyihasiga sharh

Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar markazida avvalo inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oya mujassam. Zero, odamlar rozi bo‘lgan joyda qut-baraka bo‘ladi, rivojlanish, yuksalish bo‘ladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham xalqchil hujjatlardan biri.

Mazkur hujjat bilan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 408-moddasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritilib, savdo majmualari va bozorlarda faoliyat ko‘rsatuvchi YATTlardan boshqa YATTlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar, ya’ni ularning xodimlari uchun to‘lanadigan ijtimoiy soliq miqdori har oyda to‘lanadigan BHMning 50 foizidan bir yilda BHMning bir barobari miqdoriga kamaytirilmoqda.

Shuningdek, “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasi 2-qismidan esa tomorqa egasining yer uchastkasi maydoniga yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan qoramol va parrandalarning soniga qo‘yilgan talablarni chiqarib tashlash taklif etilyapti.

Aytish joizki, bugungi kunda YATTlarda rasmiy faoliyat olib borayotgan 8 ming 458 nafar yollanma xodimlar bo‘lib, ular soni yil sayin kamayib borishi kuzatilmoqda. Xususan, 2022 yilda 2021 yilga nisbatan 501 nafarga kamaygan. Ulardan, 2 ming 962 nafari savdo majmualari va bozorlarda, 5 ming 496 nafari boshqa yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida ijtimoiy soliq to‘lovida qo‘llaniladigan yengillashtiruvchi norma hisobiga 2023 yilda 8,2 milliard so‘m mablag‘ soliq to‘lovchilar ixtiyorida qolishi kutilmoqda.

Shuningdek, yollanma xodimlarga berilgan yengillik evaziga yakka tartibdagi tadbirkorlarda norasmiy tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan 714 ming yollanma ishchilarning kamida 10 foizining rasmiy bandligi ta’minlansa, byudjetga qo‘shimcha 21,4 milliard so‘m mablag‘ tushushi kutilyapti.

Bunda asosiy urg‘u byudjetga soliq tushumi emas, norasmiy band bo‘lgan fuqaroning rasmiy bandligi ta’minlanishiga ko‘maklashish, uning ish stajiga ega bo‘lishi va pensiya yoshiga yetganda o‘zi uchun maqbul pensiyaning ta’minlanishiga erishishiga yordam berishga qaratilgan. Ya’ni loyihaning ijtimoiy yo‘naltirilganligi ham muhim hisoblanadi.

Shaxsiy tomorqalarda bandlik turlari 9 taga oshirilishi orqali, bir yilda 1 ta mahallada 9 ta yo‘nalishda 1 nafardan fuqaro ijtimoiy soliq to‘laganda, 9 ming 406 ta mahallada 84,6 ming fuqaro norasmiy faoliyat turidan rasmiy faoliyat turiga o‘tkaziladi.

Umuman olganda, qonun loyihasining qabul qilinishi mahallalarda ishsizlikni kamaytirish va norasmiy bandlik ulushini qisqartirishga, rasmiy sektordagi bandlar ulushini oshishiga xizmat qiladi.

 

O‘zA