“Yoshlar daftari” yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan biri bo‘lib, bugungi kunda 29 ming 206 nafar yosh ushbu daftarga kiritilgan. Joriy yilda ham 40 ming 932 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, shundan ularning 11 ming 726 nafariga manzilli ko‘mak berildi.

Xo‘sh, “Yoshlar daftari”ga kirganlarga qaysi yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatilmoqda? OTMga shartnoma asosida kirgan yoshlarga to‘lovning qancha miqdori to‘lab beriladi?

– “Yoshlar daftari” ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik va boshqa turdagi qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazorat qilib borish tizimi hisoblanadi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Yoshlar bandligi va tadbirkorligiga ko‘maklashish boshqarmasi bosh mutaxassisi Shoxinur Davlatjonov. – Daftarga mahallalar kesimida 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan yoshlar kiritiladi.

– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga qaysi yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatiladi?

– Tizim orqali moddiy ahvoli og‘ir yoshlarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, bemor yoshlarni davolanish xarajatlarini qoplash, psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga psixologik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qoplash, yosh oilalarga qo‘shimcha uy-joy qurish uchun ajratiladigan imtiyozli kredit uchun kafillik berish hamda yoshlarning avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursi xarajatlarini qoplash uchun subsidiya berish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash badalini to‘liq miqdorda qoplash uchun, dehqonchilik va tomorqa xo‘jaligini yuritish bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini-o‘zi band qilish uchun asbob-uskunalar yoki mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiyalar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyati va o‘zini-o‘zi band qilish uchun yosh tadbirkorlarga noturar joy ijarasi xarajatlarini qoplash belgilangan.

– OTMga shartnoma asosida kirgan yoshlarga to‘lovning qancha miqdori to‘lab beriladi?

– Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida, magistraturaning kunduzgi yo‘nalishida ta’lim olayotganlarga to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Bu jarayon yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ya’ni to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab beriladi. Ikkinchi va undan keyingi mutaxassislik, qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganlar bundan mustasno.

O‘tgan 2022 yilda ushbu imtiyoz doirasida respublika bo‘yicha 57 mingga yaqin talabalarga “Yoshlar daftari” jamg‘armalaridan 167 milliard so‘mdan ortiq miqdorda yordam ko‘rsatilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA