Prezidentning “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unda professional ta’lim tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ish beruvchilarning talablariga mos bo‘lgan malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash chora-tadbirlari ham belgilandi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab kollej va texnikumlarning dual ta’lim shakli bo‘yicha davlat grantlari ajratiladi. Buning natijasida, joriy yilda dual ta’lim shakli bo‘yicha davlat granti asosida kamida 5,7 ming nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Dual ta’lim shaklida o‘quvchi professional ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni oladi va bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarish korxonasida mehnat faoliyatini amalga oshirib, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi (Germaniya, Shveysariya, Avstriya tajribasi).

Loyihada 2023 yil 1 sentyabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Yevropa kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash tizimi talablariga to‘liq javob beradigan 1 tadan namunaviy professional ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.

Natijada, namunaviy profta’lim muassasalari Yevropa Ittifoqi Komissiyasi, Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), KFV banki, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Janubiy Koreyaning “YeDSF” fondi bilan birgalikda tashkil etiladi.

Ushbu muassasalar faoliyatiga zamonaviy standartlarni joriy qilish uchun ularga o‘quv reja va dasturlarni, ta’lim shakli va muddatini mustaqil belgilashga ruxsat beriladi. Shuningdek, har bitta muassasaga 4 nafardan xorijiy ekspert jalb etiladi.

– 2023 yil 1 apreldan boshlab professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga;

– professional ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan, malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

Buning natijasida, 27 nafar professional ta’lim muassasasi o‘qituvchilarining oylik maoshlari 20 foizga oshirilib, o‘rtacha 3 million so‘mga teng bo‘ladi. Ushbu maqsadlarga joriy yilda 139 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

O‘zA