Jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan 2023 yilgi davlat dasturiga oid Prezident farmoni loyihasida qayd etilishicha, “Tashabbusli byudjet” amaliyotini hamda mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kengaytirish maqsadida joriy yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 8 trillion so‘m ajratiladi.

Shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trillion so‘m yo‘naltiriladi. 2023 yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 4 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Natijada mazkur tadbirlarga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori qariyb  2 baravar ko‘paytirilishiga erishiladi. Masalan, 2022 yilda ushbu tadbirlar  uchun 4,3 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.

2023 yil 1 iyuldan boshlab, “Mahalla byudjeti” tizimini barcha tumanlar va shaharlarda joriy etish orqali mahallalarga o‘z muammosini mustaqil hal etish  hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun 800 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yildan eksperiment tariqasida 14 ta tumanlarda, 1 iyuldan esa barcha tuman (shahar)larda “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda loyihalarni jamoatchilik fikri va “Ochiq byudjet” portalida to‘plangan ovozlar asosida moliyalashtirishning mutlaqo yangi tizimini yaratadi va amaliyotga kiritadi. Bunda, ovoz berish jarayonlarini xolis va ma’muriy aralashuvlarsiz tashkillashtirishning aniq mexanizmlarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratiladi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA