Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Mazkur loyiha bo‘yicha qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Mirzayev ma’ruza qildi:

— bugungi kunda fermer xo‘jaliklari faoliyatiga oid asosiy qonun hujjati “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni hisoblanadi, — dedi vazir o‘rinbosari Shuhrat Mirzayev. — Ushbu qonun bugungi agrar sohadagi islohotlarga mos ravishda takomillashtirib borilishi lozim. Qonunning 6-moddasi 2-qismida fermer xo‘jaligi tashkil etilishi uchun uning boshlig‘i belgilangan tartibda yer uchastkasi olishi kerakligi belgilangan. Ammo fermer xo‘jaligi tashkil etilishi uchun yer uchastkasini olish uchun belgilangan hujjatda aniq havola keltirilmagan. Bu esa asossiz havolalar keltirilishi bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlarni yuzaga keltirmoqda.

Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan 2020 yil hosilidan boshlab paxta va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilingan. Ushbu o‘zgarishlar ham qonunchilikda aks ettirilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida fermer xo‘jaliklari suv resurslaridan tuman irrigatsiya bo‘limlari o‘rtasida suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomaga muvofiq foydalanishi, suvni tejash, suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ko‘rishi masalalari ham o‘z aksini topgan. O‘z navbatida, tuman irrigatsiya bo‘limlari bilan suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnoma talablariga muvofiq sug‘orish tarmoqlarini texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etilishi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan fermer xo‘jaliklariga yuklatilgan majburiyatlar kamaytiriladi va optimallashtiriladi. Fermer xo‘jaliklari faoliyatiga davlat aralashuvi keskin qisqartiriladi. Ularning mustaqilligi ta’minlanadi hamda o‘zlarining ishlab chiqarish faoliyatidan iqtisodiy manfaatdorligi oshadi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar bir qator aniqlashtiruvchi savollar hamda agrar sohadagi jarayonlardan kelib chiqib taklif va tavsiyalar bildirdi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA