Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Sudlarda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

— bugungi kunda sudlar tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar bilan bog‘liq nizolarni hal etishdagi muammolarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, mazkur toifadagi ishlarda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqini belgilash, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni uzoq muddatli ijaraga berish majburiyatini yuklash haqida qarorlar qabul qilinayotgani aniqlanmoqda, — dedi Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov. — O‘z navbatida, bunday qarorlar asosida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida qurilgan binolarga noqonuniy egalik huquqi belgilanayotgani yoki egalik huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha kadastr va mahalliy ijroiya hokimiyati organlariga majburiyat yuklamoqda.

Ushbu toifadagi ishlarni ko‘rish tartibini takomillashtirish maqsadida sudlar tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar yuzasidan davlat manfaatlari bilan bog‘liq ishlarning muhokamasida prokurorning majburiy ravishda ishtirok etishini belgilash zaruriyati vujudga kelmoqda.

Qonun loyihasi bilan yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishni ta’minlash, bu sohada qonuniylikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining bir qator kodeklariga sudlar tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar yuzasidan davlat manfaatlari bilan bog‘liq ishlarda prokurorning majburiy ishtirok etishini belgilovchi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilmoqda. Bu o‘zgartish va qo‘shimchalar yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari himoya qilinishining ta’minlanishiga, sudlarda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish tartibi takomillashtirilishiga erishiladi.

Majlisda deputatlar tomonidan qator savollar o‘rtaga tashlandi. Ular yuzasidan tashabbuskorlar atroflicha javob qaytardi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA