Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan tantanali konsert dasturi tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va hukumati a’zolari, vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari hamda turkman diasporasi vakillari, shuningdek, xorijiy davlatlarning Toshkent shahrida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik muassasalari va xalqaro tuzilmalarning vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

Bayramona tadbirning ochilishida mamlakatimizning yaqin strategik hamkorlaridan biri – Turkmaniston bilan amalga oshirilayotgan va tobora yangi bosqichga ko‘tarilayotgan o‘zaro do‘stlik aloqalari haqida so‘z yuritildi. Ikki do‘st davlatlar o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilagan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirildi.

Shu o‘rinda aytish joizki, bugungi kunda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari orasida 202 mingdan ziyod turkman millati vakillari yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilmoqda. bugungi kunda mamlakatimizda turkmanlarning milliy madaniyati, tili, an’analari va urf-odatlarini asrash hamda rivojlantirish maqsadida Respublika turkman madaniy markazi faoliyati uchun barcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratilgan.

Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yazguli Mammedov o‘zbek va turkman xalqlari azal-azaldan yaqin do‘st, ahil qo‘shni, strategik hamkor sifatida mushtarak maqsadlar bilan yashab kelganini e’tirof etdi. Shu sababli, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning ildizi uzoq tarixga borib taqaladi va o‘zaro hurmat, ishonch asosiga qurilgan.

Konsert dasturida o‘zbek va turkman qo‘shiqlari, ikki xalqning buyuk shoir va mutafakkirlari she’rlari, milliy raqslar yangradi.

O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stligiga bag‘ishlangan kitoblar, xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Shu o‘rinda aytish kerak, mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan bu kabi tantanali tadbirlar ikki davlat xalqlarini birlashtirib kelayotgan ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik rishtalari daxlsizligining yana bir dalili bo‘ldi.

 

Go‘zal Sattorova,

Nosir Haydarov (surat),O‘zA