Prezidentimizning “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi regulation.gov.uz portaliga keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihada, jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan servis xizmati sifatini oshirish borasidagi faoliyatini reyting baholash tizimini joriy etish, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan an’anaviy tarzda ko‘rsatiladigan qo‘shimcha 200 ta davlat xizmatlarini DXM hamda YAIDXP (my.gov.uz) orqali ko‘rsatish belgilanmoqda.

Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali, ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda ko‘rsatish, elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda (xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan fuqaro murojaatini kutmasdan) ko‘rsatish belgilanmoqda.

Loyihada shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytirilishi nazarda tutilgan.

 

O‘zA