Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi, 1993 y.t. fuqaro o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan, Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1969 y.t. shaxs bilan, muqaddam tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelinib, Namangan viloyatining Pop tumani hududiga yashirib ketilgan 1 kg 841 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, yo‘lovchi avtomashinada Oltiariq tumanida harakatlanayotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi. Ta’kidlash lozimki, mazkur fuqarolar muqaddam sodir etgan o‘g‘irlik jinoyatlari uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan bo‘lsalarda, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan.

DXX xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1975 y.t. fuqaro Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan 964 gr. “gashish” moddasini 8 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.

Bu yo‘nalishda DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazishdi. Xususan, Buloqboshi tumanida yashovchi, 1996 va 1998 yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro Xo‘jaobod tumanida 630 gr. “gashish” moddasini 5800 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ushbu holatda ajal og‘usi Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali Xo‘jaobod tumani hududiga o‘tkazilgan.

Samarqand shahrida kuzatilgan holatda esa Toyloq tumanida yashovchi, 1961 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaro 352 gr. “opiy” moddasini 5 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo va Samarqand viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, ushbu narkotik modda Tojikiston Respublikasidan olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

O‘zA