Argentina Markaziy banki jadal inflyatsiya fonida yangi ikki ming peso nominalli banknot muomalaga chiqarilishini e’lon qildi, ammo aniq vaqti ochiqlanmagan. Bu haqda BBC News xabar bermoqda.

Rasmiy ravishda 11 dollar bo‘lgan yangi banknotni muomalaga chiqarish to‘g‘risidagi qaror iste’mol narxlari o‘tgan yil 95 foizga oshganidan keyin qabul qilingan. Bu Argentinada 1991 yildan buyon kuzatilayotgan eng yuqori ko‘rsatkich.

Ayni paytda mamlakatning eng yirik banknotasi ming peso muqobil bozorlarda atigi 2.70 dollar baholanadi. Mamlakat markaziy banki yangi banknotda shifokorlar Sesiliya Grirson va Ramon Karrilo suratlari tushirilishini ma’lum qildi.

2022 yil dekabrda Xalqaro valyuta jamg‘armasi Janubiy Amerikadagi ikkinchi yirik iqtisodiyotga yordam berish uchun yana 6 milliard dollarni tasdiqlagan edi. Bu tashkilotning 30 oylik dasturi doirasida Argentinaga so‘nggi to‘lov edi. Umuman olganda, mamlakat shu kungacha 44 milliard dollar miqdorida yordam olgan.

Yana bir muhim ma’lumot: o‘tgan yil yozda Argentinada bir oy ichida uch marotaba iqtisodiyot vaziri almashgan. Sentyabr oyida markaziy bank asosiy foiz stavkasini 75 foizga ko‘targan, yashash xarajatini ushlab turishga harakat qilgan.

Shuningdek, yanvarda Braziliya va Argentina ikki davlat o‘rtasidagi savdoni rivojlantirish uchun yagona valyuta yaratish rejasini e’lon qildi. Rahbarlar umumiy valyutani yaratish hali dastlabki bosqichda bo‘lsa-da, dollarga tayanmasdan savdoni moliyalashtirish yo‘llarini topish zarurligini ta’kidlayapti.

O‘zA