Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 fevral kuni Namangan viloyatida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi.

Namangan viloyatiga tashrif Davlatobod tumanidagi «Fazman tekstil» korxonasidan boshlandi.

Davlatimiz rahbari har doim mahsulot chiqarishdan oldin bozorini topish, jahon brendlarini olib kelish zarurligini ta’kidlaydi. Xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti natijasida Namangan viloyatida “Waikiki”, “Baldessarini”, “ZARA” kabi brendlar ostida kiyimlar ishlab chiqarilmoqda.

Yaqinda ochilgan “Fazman tekstil”da ham ish shundan boshlandi – Germaniyaning dunyoga mashhur “Digel” va “Carl Gross” brendlari bilan hamkorlik o‘rnatildi.

Loyiha qiymati 20 million dollar bo‘lib, buning hisobidan ulkan inshoot barpo etildi, Germaniya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar olib kelindi. Mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.

Korxona yiliga 1 million dona kostyum-shim ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ular brend talablariga mosligi bois xushbichim va yuqori sifatli. Joriy yilning o‘zida 15 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari ish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Mahsulotlar sifati va eksport salohiyatini yuqori baholadi.

Korxonada yoshlarga ish o‘rgatish uchun o‘quv markazi ham tashkil etilgan. Prezidentimiz ana shu yoshlar bilan birgalikda suratga tushdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Barkamol avlod” kichik sanoat va tadbirkorlik zonasida bo‘ldi.

Mamlakatimizda tadbirkorlarga munosib sharoit yaratish uchun joylarda texnopark va kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Namangan viloyatida bunday majmualar soni 73 taga yetdi.

Barkamol avlod mahallasida ham ishbilarmonlar, hunarmandlar ko‘p. Lekin ular uy sharoitida ishlar, imkoniyatlari cheklangan edi.

Shu bois mahalla yonidagi 10 gektarda zarur infratuzilmaga ega yaxlit majmua barpo etildi. Bu yerga 46 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning 18 tasida ishlar yakunlanib, korxonalar faoliyatini boshlab yubordi, 2 mingdan ortiq ish o‘rni ochildi.

Davlatimiz rahbari shu yerdagi “Master klass dizayn”, “Sifat yog‘och sanoat”, “Balans teks” korxonalaridagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Birinchi korxonada yiliga 150 ming dona charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. “Sifat yog‘och sanoat” yiliga 1 ming 200 to‘plam mebellar, “Balans teks” 400 ming dona to‘qimachilik tovarlari tayyorlash quvvatiga ega. Ularda qo‘shni mahallalardagi avval ishsiz bo‘lgan yoshlar, xotin-qizlar mehnat qilib, daromad topmoqda. Mahsulotlar sifatliligi va hamyonbopligi bilan import o‘rnini egallamoqda.

– O‘zi odamlarimiz ishbilarmon, shijoatli. Mana, zamin yaratuvdik, tadbirkorlik «yurib ketdi». Endi ishlab chiqaruvchilarga tannarxni tushirish bo‘yicha yordam berish kerak. Tannarx – tadbirkorning «hayot-mamoti». Tannarx pasaysa, eksportga chiqish yengillashadi, biznes kengayadi, yana ishchi oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sanoat zonasidagi boshqa loyihalarda uskunalar o‘rnatilmoqda. Umuman, bu yerda tayyor kiyim-kechak, charm-poyabzal, qurilish materiallari, mebel, qog‘oz, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi. Shu atrofdagi Barkamol avlod, Yakkatut, Yangihayot, Objuvoz, Lola, Chaman mahallalarida yashovchi 6 mingdan ziyod aholi ish bilan ta’minlanadi.

Prezidentimiz shu yerda Namanganda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi. Mavjud tarmoqlarga qo‘shimcha asalarichilik, zargarlik, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Namangan shahrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejalari muhokamasi yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi.

So‘nggi besh yilda Namangan viloyatida korxonalar soni 15 mingtaga ko‘payib, 32 mingtadan oshdi. Shu davrda xususiy biznes ishlab chiqargan mahsulotlar hajmi 1,6 baravar o‘sib, 8,3 trillion so‘mga yetdi. Bu – respublika bo‘yicha eng yuqori sur’atlar.

– Tasavvur qiling, olti yil avval dotatsiyada bo‘lgan viloyat bugungi kunda mustahkam daromadga ega bo‘ldi, zamonaviy sanoat va kuchli tadbirkorlar shakllandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Oddiy qilib aytganda, Namangan hech mubolag‘asiz tadbirkorlar yurti, kichik va o‘rta biznes markaziga aylandi.

Yig‘ilishda, avvalo, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasiga e’tibor qaratildi.

Tahlillarga ko‘ra, bu yil qishdagi sovuq oqibatida yurtimizdagi 3 mingta hududiy sanoat korxonasida ishlab chiqarish pasaygan. Yana ko‘plab tadbirkorlarning soliq qarzdorligi oshgan.

Shu bois, Prezidentimiz iqtisodiyotda yo‘qotishlar o‘rnini qoplash va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida qaror imzolaganini aytdi. Unga ko‘ra, sovuqdan qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga kredit, soliq, bojxona va boshqa to‘lovlar bo‘yicha yengilliklar beriladi.

Jumladan, 2 ming nafar kichik va o‘rta tadbirkorlarning yanvar-mart oylarida muddati keladigan 4,7 trillion so‘m kredit to‘lovlari 1 iyunga qadar uzaytiriladi. 29 mingta tadbirkorga 2 trillion so‘m soliq qarzini 1 iyulga qadar foizsiz, qo‘shimcha garovsiz va penyasiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Quvvati pasaygan 545 ta sanoat korxonasiga ishlab chiqarishni tiklash va aylanma mablag‘ uchun 8 trillion so‘m kredit ajratiladi. Davlat mulki xaridi va ijarasi borasida to‘lovlar bo‘yicha ham yengilliklar beriladi. Ishlab chiqarish binolarining har bir yuqori qavati uchun tadbirkorlarga mol-mulk solig‘idan 10 foizdan chegirma joriy etiladi.

Bu imkoniyatlar tadbirkorlar tomonidan xursandchilik bilan qabul qilindi.

– Namangan iqtisodiyotini rivojlantirish hisobiga, bu yil 500 mingga yaqin aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha katta marralarni olganmiz. Bu rejalarga faqat va faqat tadbirkorlarga tayanib, ularni qo‘llab-quvvatlab erishish mumkin, – dedi davlatimiz rahbari.

Buning uchun viloyatda oilaviy tadbirkorlik uchun bu yil 950 milliard so‘m yoki 2 baravar ko‘p imtiyozli kreditlar ajratiladi. Maxsus to‘qimachilik zonasi tashkil etiladi hamda 15 ta sanoat zonasi infratuzilmasiga 75 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, har bir tumanda kamida 2 tadan mikromarkaz o‘z faoliyatini boshlaydi.

Energetika vazirligiga tadbirkorlarning energiya ta’minotini kunlik nazoratga olib, izchil yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.

Aholiga dehqonchilik uchun tarqatiladigan 9,5 ming gektar yerda bozorbop oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish zarurligi aytildi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlar bandligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Muloqotda davlatimiz rahbari tadbirkorlarning yangi taklif va tashabbuslarini eshitdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumanida joylashgan “Yangi O‘zbekiston yoshlar ziyo maskani” kutubxonasini borib ko‘rdi.

Bu majmua 2021 yil foydalanishga topshirilgan edi. bugungi kunda 70 mingta kitob fondiga ega. Kutubxona jahondagi yirik elektron kutubxonalar tarmog‘iga ulangan. Bu orqali xorijiy adabiyotlardan ham erkin va bepul foydalanishi mumkin.

Tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. Barcha jarayonlar elektron tarzda bajariladi.

Birinchi qavatda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda ko‘zi ojiz insonlarga mo‘ljallangan alohida o‘qish zali tashkil etilgan. Kichkintoylarning ijodiy tasavvurlarini boyitadigan jihozlar qo‘yilgan. Ikkinchi va uchinchi qavatlarda umumiy o‘quv zallari, yerto‘lada arxiv joylashgan. Shuningdek, bu yerda yoshlar axborot texnologiyalarini o‘rganishi mumkin.

Davlatimiz rahbari shu yerda namanganlik yoshlar bilan muloqot qildi.

– Namangan buyuk allomalar, usta tadbirkorlar yurti. Bugun ham yoshlar iqtisodiyot, san’at, sport sohalarida katta yutuqlarga erishmoqda. Bularni eshitib, ko‘rib, xursand bo‘laman. Yoshlarimiz uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar tashkil qilishni o‘ylayman, – dedi Prezident.

Viloyatda yigit-qizlar uchun ko‘p dasturlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili uyushmagan yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 140 milliard so‘m mablag‘ berilib, 6 mingdan ziyod yosh o‘z yo‘lini topdi.

Shuningdek, 2,5 ming gektar ekin maydonlarini ajratish natijasida 20 ming yoshlar bandligi ta’minlandi. Sharoiti og‘ir qariyb 5 ming yoshga kontrakt pullari to‘lab berildi.

Muloqotda bu imkoniyatlarni davom ettirishga qaratilgan loyihalar va tashabbuslar haqida so‘z bordi.

– Xabaringiz bor, bu yilni yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qildik. Maktabda ikkita xorijiy til va bitta kasb o‘rganish talabini qo‘yyapmiz. Mana bunday ziyo maskanlari, sport majmualari qurilyapti. Bularning hammasi birlashib, hayot maktabiga aylanishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash va kasb-hunarga o‘rgatishga qaratilgan “Hayot maktabi” dasturi amalga oshiriladi. Bu borada Namangan viloyati tajribasi yaratiladi.

Ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, sportni ommalashtirish, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi yakunlandi.


Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV, Oqilxon DADABOEV, O‘zA muxbirlari