Samarqand. Hali esimni ham to‘la anglab yetmagan bolalik chog‘larimda bu so‘z qulog‘imga o‘zgacha ohangda eshitilar, ko‘z oldimda sehrli maskan singari gavdalanar, nomi ohanrabodek o‘ziga chorlar edi. Biroz ulg‘ayib, tug‘ilib o‘sgan joy, yurt, Vatan kabi tushunchalarni birmuncha anglab, yurtimiz manzillari haqida maktab partasida olgan dastlabki tasavvur va bilimlarimdan angladimki, nomi sehrli tuyulgan Samarqand zamini ko‘hna va navqironligi, qadimiyligi bilan o‘zgacha ekan. 1-sinfni tugatgan yilim bobo-buvim bilan ko‘hna kentga borganimiz, shahar ko‘chalarida yurib, tomosha qilganimiz juda mahobatli va sirli ko‘ringan ko‘k gumbazli obidalar uzuq-yuluq ko‘z o‘ngimda hamon…

Ayni kezlarda poytaxtdan Samarqand sari yo‘l olar ekanmiz, har gal shaharga kiraverishda o‘zgacha shukuh va ruhiyat chulg‘ab oladi. Buyuklar shahri bo‘lgan bu kentning o‘ziga xos havosi, olami bor. Ne-ne zotlar o‘tmadi bu zamindan, qanchadan-qancha buyuklarga Vatan, panoh bo‘ldi. Asrlar silsilasidan, qancha taloto‘p davrlaru jangu-jadallardan omon qolgan mahobatli obidalar, ko‘k bilan qo‘shilib ketgan gumbazlar, tarixiy maskanlarning sehri o‘zgacha.

Har qanday insonni o‘ziga rom aylab, olis o‘tmishdan so‘zlayotgan misoli qo‘r to‘kib turgan tarixiy-madaniy yodgorliklar haqiqatan sehrli ko‘rinadi. Biri ikkinchisini takrorlamaydigan ko‘rinishga ega bu obidalar ajdodlarimizdan meros betakror va beqiyos boyliklarimizdir. Shaharning navqironligini, tarixi olislarga borib taqalishini, ne zotlarning poyqadami qolganini so‘zsiz dalillab turguvchi yodgorliklar Samarqandning tashrif qog‘oziga aylanib bo‘lgan.

Samarqand yurtimizning qadim shahri sifatida nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo sayyohlarini, tarixchiyu madaniyat olami hamda ilmu urfon vakillarini o‘ziga chorlab keladi. Shu sabab shahardan mahalliy va xorijiy sayyohlar, olimu nufuzli mehmonlar qadami uzilmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand shahridagi birgina “Registon” ansambliga 2022 yilda 1 million 28 mingga yaqin mahalliy va xorijiy turistlar tashrif buyurgan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Samarqand turizm markazi sayyohlar oqimini yanada oshirmoqda. Endilikda Samarqandni O‘zbekistonning “Turizm darvozasi”ga aylantirish va kelajakda sayyohlik xizmatlari hajmini 10 barobarga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 24 dekabrdagi “Samarqand viloyatining turizm va transport salohiyatidan samarali foydalanish, viloyatni “Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” konsepsiyasi asosida rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra, Samarqand viloyatiga xorijiy va mahalliy turistlar oqimini ko‘paytirish, yangi turizm infratuzilmasi ob’ektlari salohiyatidan samarali foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, yangidan modernizatsiya qilingan Samarqand xalqaro aeroportida xorijiy aviatashuvchi kompaniyalar uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, hududning transport-logistika tizimini rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash borasida qator chora-tadbirlar o‘z aksini topgan.

Jumladan, respublika hududlarida va xorijiy mamlakatlarda Samarqandning turizm salohiyati hamda Samarqand xalqaro aeroporti imkoniyatlarini namoyish etuvchi “Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” targ‘ibot kampaniyasi yo‘lga qo‘yiladi, turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun turizm axborot markazlari tashkil etiladi. BMTning Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 2023 yildagi navbatdagi 25-sessiyasi Samarqand shahrida o‘tkazilishi munosabati bilan tayyorgarlik ishlari ko‘riladi.

Bu kabi sa’y-harakatlar ko‘hna Samarqandning sayyohlik salohiyatini yanada oshirib, tashrif buyuruvchilar sonining yanada ko‘payishiga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yaqinda The Times nashri 2023 yilda dunyoning borish tavsiya etilgan 13 ta joyi ro‘yxatini e’lon qildi. Mamlakatdan tortib aniq manzilgacha bo‘lgan bu ro‘yxatda O‘zbekiston va Samarqand ham mavjud. Nashr Charlston va Samarqanddagi madaniy yo‘nalishlar e’tibor uchun kurashayotganini alohida qayd etadi. Shuningdek, Samarqand turizm markazi ham tilga olingan. “Shahar tashqarisidagi Silk Road

Samarkand yuqori darajadagi mehmonxonalar va gastronomiyani va’da qiladi”, deya qayd etilgan.

Darhaqiqat, dunyoning eng ko‘rkam, sayyohatbop manzillari qatorida yurtimizning, xususan, navqiron Samarqandning e’tirof etilishi biz uchun g‘urur va sharafdir.

Davlat rahbarining yuqoridagi qarori asosida “Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” ta’rifining berilishi va ushbu g‘oya asosida sayyohlikni yanada rivojlantirish borasidagi amaliy ishlar alohida e’tibor va e’tirofga munosib. BMTning Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi Samarqand shahrida o‘tkazilishi ham bejiz emas. O‘zining boy tarixiga, taraqqiyot bosqichlariga ega ko‘hna shahar, minglab ziyolilarga oshyon, ilm-fan ravnaqiga makon bo‘lgan ko‘hna zamin yurtimizning nomini dunyoga tarannum etilishida, turizm rivojida muhim o‘rin tutadi.

Navqiron Samarqandning ko‘zni qamashtirguvchi ko‘k gumbazlari, mahobatli obidalari, o‘zgacha sehrli ohanrabosi hamisha barqaror bo‘lib, yetti olamni o‘ziga chorlayveradi…

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA