Atoqli sarkarda, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi g‘oyat serqirra, dilbar va betakrordir. Uning asarlari bugungi kunda ham dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish va e’tibor bilan o‘rganiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi «Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimiz ma’naviy hayotida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktorining o‘rinbosari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Otabek JO‘RABOEV ushbu qarorning ahamiyati xususida quyidagi fikrlarni bildirdi:

– Dunyo tarixida ko‘plab hukmdorlar va hukmdor-ijodkorlar o‘tgan. Biroq, tom ma’noda o‘zidan o‘lmas meros va ezgu nom qoldirgan hukmdorlar esa ko‘p emas. Ana shunday jahoniy tan olinishga ega shaxsiyat va ulkan meros sohibi Zahiriddin Muhammad Boburdir.

Bu ulug‘ siymo tavalludining 540 yilligini munosib nishonlash haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 25 yanvarda qabul qilingan qarorini o‘z mazmun-mohiyati va qamrovi bilan juda katta ahamiyatga ega, deyish mumkin.

Birinchidan, bugunga qadar Bobur mirzo tavallud sanasini har yili fevral oyida nishonlashni, aytish joizki, har kim o‘z holicha va qamrovicha amalga oshirar edi. Bu ham bo‘lsa, asosan mustaqillik yillarida urfga kirgandi.

Ikkinchidan, Bobur ijodiy merosi va uning hayot yo‘lini faqat olimlar o‘rganar va o‘z davralarida, ilmiy anjumanlardagina fikr almashishar edi. Na bir davlat dasturi, na bir hukumat qo‘llab-quvvatlashi bo‘lmagan.

Uchinchidan, O‘zbekistonda Bobur nomi har yili 14 fevraldagina zamonaviy istiloh bilan aytganda «trendga chiqardi». Keyin tor doiradagi olimlardan boshqa hamma unutar edi.

Mazkur qaror esa yuqoridagi uch jihatni ham birvarakayiga tarixga aylantirdi, moziyda qoldirdi. Endi haqiqiy ma’noda biz Boburdek ulug‘ ajdodimiz tavallud sanasini keng va jahoniy miqyosda nishonlaymiz. Ayni paytda bu nishonlov shaxsan Prezident qarori asosida, tizimli va tartibli dastur bilan amalga oshadi.

Shuni ham aytish joizki, mazkur qaror Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yilni «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deya e’lon qilishi bilan uzviy bog‘liqdir.

Negaki, aynan Bobur mirzo ijodiy merosining muhim jihatlarini keng miqyosda Oliy ta’lim muassasalari hamda maktab ta’limiga singdirib borish masalasiga doir vazifalar qarorning 8 va 9 bandlaridan o‘rin olgan.

Demak, Bobur asarlari, xususan, «Boburnoma» («Vaqoye’»), she’rlar to‘plami – «Devon», adabiyotshunoslikka bag‘ishlangan «Aruz risolasi», fiqhiy-ta’limiy xarakterdagi «Mubayyin» va mavzudagi «Volidiya risolasi»ni har tomonlama chuqur o‘rganish, turli bayonu sharhlar bilan o‘quvchilarga taqdim etish, hanuz ochilmay kelinayotgan ma’nolariga diqqat etish kabi vazifalar kun tartibiga chiqadi.

Bu borada ham qarorning 6-bandida ko‘rsatilgan «Bobur ensiklopediyasi»ning to‘ldirilgan uchinchi nashri va «Bobur asarlari lug‘ati kitobxonlar uchun juda katta sovg‘a bo‘lishi shubhasizdir.

 

N.Usmonova,  

O‘zA