E’tibor qilgan bo‘lsangiz, iste’molchilarning aksariyati ko‘p hollarda xarid qilinayotgan tovarga nisbatan originalmi, qalbakisi emasmi, deya shubha bilan qaraydi. Hatto, dori vositalariga nisbatan ham.

O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvardagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni 3-moddasiga ko‘ra, qalbakilashtirilgan dori vositasi va tibbiy buyum tarkibi yoki xususiyati to‘g‘risida yoxud ishlab chiqaruvchisi haqida yolg‘on axborot ilova qilingan dori vositasi va tibbiy buyumdir.

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi bo‘lim boshlig‘i Shoira Nazarovaning so‘zlariga ko‘ra, qalbakilashtirish ham tovar nomiga (savdo nomi), ham jenerik dori vositalariga tegishli bo‘lishi mumkin. Bunda, tarkibida tegishli yoki tegishli bo‘lmagan ingrediyentlar kiritilgan, faol moddalar bo‘lmagan yoki yetarli bo‘lmagan hamda soxta qadoqlangan mahsulotlarni kuzatishimiz mumkin. Ularni esa laboratoriya tahlil natijalari bo‘yicha sifatli yoki sifatsizligi aniqlanadi va tegishli xulosa beriladi.

– Shu bois, dori vositasini xarid qilayotganda e’tibor berish kerak bo‘lgan jihatlar bor, – deydi Sh.Nazarova. – Jumladan, qalbaki dori vositalari dorixonalarda original dori narxiga nisbatan arzon bo‘ladi. Mahsulot qadog‘idagi harflar va raqamlar noaniq, tasvirlar xira va karton qutining o‘zi yupqa va shaklini yaxshi ushlamaydi. Seriya, raqam, shtrix-kod, ishlab chiqarish sanasi tushunib bo‘lmaydigan darajada noaniq bo‘ladi. Qo‘llash yo‘riqnoma varag‘i bosmaxonada bosilmagan, xuddi nusxalanganga o‘xshaydi. Qadoqdagi va dorining o‘z qolipidagi ishlab chiqarilgan sana va saqlash muddatlari bir-biriga mos kelmasligi mumkin.

Xarid qilayotgan dori vositasida yuqorida sanab o‘tilgan belgilar sizni shubhalantirsa, dorixona tomonidan mazkur dori vositasiga tegishli muvofiqlik sertifikatini so‘rang. Agarda bunday sertifikat mavjud bo‘lmasa, ushbu holat yuzasidan tegishli tashkilotga murojaat qilishingiz mumkin.

 

O‘zA