Jamiyat hayotining turli sohalaridagi munosabatlarni tartibga solish, ularni rivojlantirish bevosita qonunchilikning mukammalligiga bog‘liq. Mamlakatda kechayotgan bugungi jarayonlar qabul qilingan qonunlarni qayta ko‘rib chiqishni, joiz bo‘lsa amaldagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni, yangi normalarni aks ettirishni taqozo etmoqda.

Shu ma’noda Oliy Majlis Senatining qo‘mitalari tomonidan ko‘plab qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring amalga oshirildi.

Ta’kidlash lozimki, Mehnat kodeksi mehnat munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanib, fuqarolarga mehnat qilish va munosib daromad olish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi hujjat hisoblanadi.

Biroq amalga oshirilgan monitoringlar 1995 yilda qabul qilingan Mehnat kodeksining tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi, ya’ni unda mavjud bo‘lgan ko‘plab normalar yana amaldagi boshqa qonunlarda ham o‘z aksini topganligi oqibatida amaliyotda ayrim nomuvofiqlik yuzaga kelayotganligi, fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi shakllarini qamrab olmaganligi, ayollarga, shu jumladan, homilador ayollarga yoki uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga nisbatan imtiyozlarning yetarli emasligi, ularga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilgan taqdirda, mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarining kuchaytirilmaganligini ko‘rsatdi.

Yuqorida keltirilgan va boshqa qator masalalarni qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish maqsadida tayyorlangan takliflar asosida ishlab chiqilgan 581 ta moddadan iborat bo‘lgan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2022 yil 28 oktyabrda qabul qilindi.

Yangi tahrirdagi kodeks amaldagisidan qay jihatlari bilan farqlanadi?    

Eng avvalo mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish jarayonida nomuvofiqliklarning oldini olish maqsadida boshqa amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan normalarni takrorlovchi 34 ta modda yangi tahrirdagi Kodeksdan chiqarib tashlandi.

50 dan ortiq modda mehnat munosabatlarining ayrim jihatlarini, ularning sub’ektlarining huquq va majburiyatlarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada to‘liq ochib beruvchi aniqlashtiruvchi normalar bilan to‘ldirildi.

Eng muhimi xodimlar va ish beruvchilarning mehnat munosabatlaridagi sub’ektiv holatlar yanada aniqlashtirilib, asosiy e’tibor xodimlarning mehnat huquqlari va ijtimoiy ximoyasiga yo‘naltirildi. Mehnat kodeksida ilgari nazarda tutilmagan – ish beruvchi va xodimning asosiy huquq va majburiyatlari belgilandi.

Shuningdek, mehnat munosabatlarining vujudga kelishi uchun asoslar kengaytirildi. Ya’ni, ishga qabul qilish bo‘yicha ochiq mustaqil tanlovdan o‘tkazish, lavozimga saylanish, xodimni vakolatli davlat organi tomonidan ishga yuborish, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni ishga qabul qilishda O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishga oid ishlash huquqini tasdiqlash masalalari yanada soddalashtirildi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga elektron mehnat daftarchasini yuritish bo‘yicha qoidalar kiritilishi natijasida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatishni to‘liq raqamlashtirish imkoniyati yaratildi.

Shu bilan birga, ayollarga, shu jumladan, homilador ayollarga yoxud uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga nisbatan qo‘shimcha imtiyozlar nazarda tutildi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi joriy yilning 30 apreldan kuchga kiradi. Qonun kuchga kirishi bilan uning avvalgi talqini o‘z kuchini yo‘qotadi.

O‘zA