Ma’lumki, mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurashish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni ko‘rish” loyihasini amalga oshirish guruhi xarajatlarini qoplash uchun xalqaro moliya institutlaridan jami 24 million 600 ming dollar mablag‘ jalb etilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi tegishli farmoniga asosan Laboratoriyalarni tashkil etish bo‘yicha loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish hamda BMTning Loyiha xizmatlari boshqarmasini (UNOPS) loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishga va amalga oshirishga jalb etish belgilangan.

2022 yilning 22 dekabrida Xalqaro moliya institutlarining loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun UNOPS tashkilotini jalb etish bo‘yicha ijobiy xulosalari berilgan va 23 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va UNOPS o‘rtasida umumiy qiymati 10,75 million  dollarga teng bo‘lgan kelishuv shartnomasi imzolangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni ko‘rish” loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi to‘g‘risida”gi masala yuzasidan yuborilgan Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatovning javobi ko‘rib chiqilar ekan, yuqoridagilar alohida qayd etildi.

Shuningdek, parlament so‘rovida keltirilganidek, 2021 yil 1 oktyabrga qadar 1 000 ta tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish choralarini ko‘rish, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan kredit mablag‘larining 35 million dollarini tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarining xaridi uchun yo‘naltirish nazarda tutilgan.

Ushbu imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga 1 000 ta “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarini 2021 yil 1 oktyabrga qadar xarid qilish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish belgilangan. bugungi kunga qadar “Sergeli Avtotexxizmat” MCHJ (“Jizzax avtomobil zavodi” MCHJning tijorat vakili) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomaga asosan 110 ta avtotransport vositalari yetkazib berilgan.

Majlisda deputatlar parlament so‘roviga yuborilgan javobni atroflicha muhokama qilib, uni ma’lumot uchun qabul qildilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA