2022 yilgi Davlat dasturi ijrosi doirasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinika, 1000 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Bu orqali 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj balansi ishlab chiqildi.

“Tibbiyot brigadalari”ga qo‘shimcha 3 ming 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi. Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi. Shu bilan birga, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga tashxis uskunalari yetkazib berildi. Oilaviy poliklinikalarda 19 mingdan ziyod kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etildi. Buning natijasida 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan, mahallaning o‘zida davolanish imkoniyati yaratildi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov ma’lum qildi. Unda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yilda bajarilishi to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar Davlat dasturidan o‘rin olgan 46 ta tumanlararo perinatal markazlarini tashkil etish masalasi bilan qiziqdilar. Bu boradagi savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili ayni paytga qadar 32 ta markaz tashkil etilganini, jihozlash borasi hali ishlar mavjudligini ta’kidladi.

Shuningdek, deputat Nosirjon Aminov energiya samaradorlikni oshirish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani bilan qiziqdi. Bunga Energetika vazirligi hamda Qurilish va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutasaddilari javob berdi.

— 1991 yildan avval barpo etilgan ko‘p qavatli uylar holati o‘rganilganda, 30-35 foiz miqdordagi issiqlik tashqi devorlar orqali chiqib ketishi, energiya samaradorlik yo‘qotilishi aniqlandi, — dedi Qurilish va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi vakili. — Shu bois ayni paytda eski uylarning tashqi fasadlarini issiqlik qoplamalari bilan qoplash ishlari boshlab yuborildi. Bu issiqlikni ushlab turishda yaxshi samara beradi.

Yig‘ilishda deputatlar iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini, xususan, energetika sohasida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish zarurligini, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi holatlarning oldini olish maqsadida raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni yanada kengaytirish lozimligini qayd etdi.

Shuningdek, muhokamalarda har bir fraksiya vakillari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda o‘z pozitsiyalarini bildirdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA