Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov O‘zbekiston iqtisodiyotida shakllangan va kutilayotgan sharoitlar, jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar, 2023 yilda kutilayotgan makroiqtisodiy prognozlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

– 2022 yilda ichki iqtisodiy sharoitlarda bir qator ijobiy tendensiyalar kuzatilgan. Yil yakuni bo‘yicha real YAIM o‘sishi Markaziy bankning oktyabr oyidagi prognozlariga yaqin, 5,7 foiz doirasida shakllandi.

Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 266 trillion so‘m sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan bo‘lsa-da, yalpi iste’mol hajmining o‘sishi iqtisodiyotda talabni shakllantiruvchi asosiy omillardan bo‘ldi. Shuningdek, oldingi yillarda amalga oshirilgan fiskal rag‘batlantirishlar ham yuqori iqtisodiy faollikka sabab bo‘lmoqda.

Joriy yilda fiskal rag‘batlantirishlarning nisbatan muvozanatlashuvi kutilayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan 3 yilda kuzatilgan yuqori fiskal defitsitning yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi ta’sirlari davom etib borishi bo‘yicha kutilmalar bor.

Mehnat bozoridagi barqarorlikning saqlanib qolishi, mehnat haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalarining yuqori o‘sish sur’atlari uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar va ko‘chmas mulklarga bo‘lgan talabni oshishiga va, o‘z navbatida, ushbu bozorlarda narxlar o‘sishiga olib kelmoqda.

Kuzatuvlarga ko‘ra, 2022 yilda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar – 28 foizga, birlamchi bozorda – 17 foizga oshgan. Umuman olganda, o‘tgan yilda iqtisodiy sharoitlarda kuzatilgan ijobiy tendensiyalarning 2023 yilning I yarmida ham davom etishi bo‘yicha ehtimollik yuqori. O‘z o‘rnida, yanvar oyidagi anomal ob-havo sharoitlari tufayli taklif bilan bog‘liq qisqa muddatli xatarlar ayrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmlariga ta’sir ko‘rsatdi.

Oddiy qilib aytganda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bozorlarga yetkazish, bozorlarda savdoni tashkil qilish borasida uzilishlar va kamchiliklar mavjud. Shuningdek, qo‘shni davlatlarda ham ayrim mahsulotlar eksportiga cheklovlar qo‘yilmoqda.

Biroq, bugungi kunda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taklifi bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda va eng asosiysi, ushbu vaziyat bilan bog‘liq inflyatsion xatarlar qisqa muddatli xarakterga ega.  2022 yil davomida shakllangan tashqi sharoitlar bo‘yicha shuni qayd etish kerakki, iqtisodiyotimiz bu jarayonlardagi o‘zgarishlarga moslashib bordi hamda tashqi iqtisodiy xatarlarning ta’siri dastlabki baholashlarga nisbatan pastroq bo‘ldi.

O‘tgan yil fevral oyida geosiyosiy xatarlar boshlanganda uning ta’siri ancha sezilarli bo‘lishini kutgandik. Biroq, iqtisodiyotning tashqi iqtisodiy sharoitlarga moslashishi, iqtisodiy siyosatidagi o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar, tashqi savdo munosabatlarining qisqa vaqtda qayta tiklanishi va mamlakatimizga valyuta tushumlarining sezilarli o‘sishiga imkon berdi.

Xususan, eksport tushumlari hajmi 2021 yilga nisbatan 28 foizga oshgan bo‘lsa, mamlakatimizga kirib kelgan pul o‘tkazmalari hajmi 2,1 barobarga ortib, qariyb 17 milliard dollarga yetdi. To‘g‘ri, bu pul o‘tkazmalarning bir qismi kichik eksport tushumlari yoki qo‘shni davlatlar fuqarolarining tegishli o‘tkazmalari bilan bog‘liq. Shu bilan birga, aholini valyuta ayirboshlashga yo‘naltirilgan pul o‘tkazmalarining ham sezilarli o‘sishi (+68%) iqtisodiyotda yalpi iste’molni oshiruvchi asosiy omillardan bo‘lmoqda. Banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut 2,9 milliard dollarga teng bo‘ldi.

Bunda aholining valyuta sotuvi 11,9 milliard dollarni va aholining valyuta xaridi 8,9 milliard dollarni tashkil qildi. Umuman olganda, mamlakatimizga valyuta mablag‘lari kirishi 2022 yilda 2021 yilga nisbatan 32 foizga ortgan bo‘lsa, valyuta chiqimi – 22 foizga o‘sdi va ushbu vaziyat almashuv kursining barqaror bo‘lishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Tashqi savdo operatsiyalari, valyuta oqimlari va pul o‘tkazmalari bo‘yicha ijobiy tendensiyaning joriy yilda ham saqlanib qolishi kutilmoqda. Biroq, 2023 yilda global iqtisodiy faollik va asosiy savdo hamkorlar iqtisodiyotlari o‘sishining pasayishi bilan bog‘liq yuqori noaniqliklar saqlanib qolmoqda va bu albatta, iqtisodiy ko‘rsatkichlarimizning shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

2022 yil boshida biz inflyatsiyaning yil yakunida 8-9 foizgacha pasayishini kutgandik. Yuzaga kelgan tashqi geosiyosiy vaziyat va uning ta’minot zanjirlariga ta’siri, jahon bozorida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, xomashyolar va energiya resurslari narxining yuqori o‘sishi hamda ichki talabni qo‘llab-quvvatlovchi omillar ta’sirida inflyatsiyada yuqori o‘sish kuzatildi.

Natijada, 2022 yil yakuni bo‘yicha yillik umumiy inflyatsiya 12,3 foizga teng bo‘ldi. So‘nggi yarim yillikda bazaviy inflyatsiyada ham sezilarli o‘sish tendensiyalari kuzatildi va yillik 13,8 foizgacha yetdi. Bazaviy inflyatsiya darajasining yuqori bo‘lishi iqtisodiyotda shakllanayotgan inflyatsion jarayonlarning keng qamrovli va nisbatan uzoq muddatli xarakterga ega bo‘lib borayotganligini bildiradi.

Oxirgi uch oyda aholining inflyatsion kutilmalarida ham mo‘’tadil o‘sish kuzatilmoqda va ularning yo‘nalishi kelgusida inflyatsion xatarlarning yanada kuchayishi mumkinligini bildiradi. 2022 yil dekabr oyi so‘rovi natijalariga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 15,5 foizni va tadbirkorlik sub’ektlariniki 14,7 foizni tashkil etmoqda. Bu esa, Hukumat va Markaziy bankdan 2023 yil davomida ham inflyatsiyani pasaytirish bo‘yicha yanada ta’sirchan choralar ko‘rishni taqozo etadi.

2022 yil davomida yuqorida qayd etilgan inflyatsion bosimlar ta’sirini pasaytirish maqsadida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlab qolindi. Natijada, pul bozorida bugungi kunda 2-3 foizlik real ijobiy foiz stavkalari ta’minlanmoqda. “UZONIA” stavkasi 14 foiz atrofida shakllanib kelmoqda.

Ayni paytda, jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 2022 yil dekabrda 20,2 foizni, yuridik shaxslarning depozitlari bo‘yicha esa 16,9 foizni tashkil etdi.

Aholining inflyatsion kutilmalariga nisbatan ham kamida 4-5 foizlik ijobiy foiz stavkalari milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmining sezilarli darajada o‘sishiga xizmat qilmoqda. Ma’lumot o‘rnida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari hajmi 2021 yilda 1,7 barobarga va 2022 yilda 1,6 barobarga ko‘paydi.

Markaziy bank asosiy stavkaning iyun-iyul oylaridagi pasaytirilishiga mos ravishda kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarida ham pasayish kuzatildi. Dekabr oyida aholiga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22,4 foizga va yuridik shaxslarniki bo‘yicha 22,2 foizga teng bo‘ldi.

Yilning ikkinchi yarmidan boshlab milliy valyutadagi kreditlar hajmining ortishi hisobiga iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining o‘sish sur’ati biroz tezlashdi. Ushbu holat aholiga ajratilgan kreditlarning yuqori darajada o‘sishi bilan izohlanadi. 2022 yilda iqtisodiyotga jami kredit qo‘shilmalari 21,4 foizga oshgan bo‘lsa, aholiga ajratilgan kreditlar hajmi 45,2 foizga ko‘paydi. O‘z navbatida, chakana kreditlarning yuqori sur’atlarda o‘sishi iqtisodiyotda yalpi iste’molni qo‘llab-quvvatlash orqali inflyatsiyaga bosim o‘tkazishi mumkin.

Umuman olganda, o‘tgan yilda iqtisodiyotni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ya’ni kreditlash jarayonlarida tarkibiy o‘zgarish kuzatilib, banklar ko‘proq ichki resurslardan foydalangan holda faoliyat yuritishdi. Bu, o‘z navbatida, mavjud moliyaviy imkoniyatlarni samarali mobilizatsiya qilinishi bilan birgalikda, iqtisodiyotda dollarlashuv darajasining pasayishiga xizmat qildi. Bu jarayon joriy yilda ham davom etishi kutilmoqda.

Depozitlar dollarizatsiyasi 2021 yildagi 39 foizdan, 2022 yilda 34 foizgacha, kreditlar dollarizatsiyasi esa – 48 foizdan 45,6 foizgacha pasaydi. Oxirgi paytda jahon iqtisodiyotining o‘zgarishlarga moslashuvi hamda ko‘plab davlatlarning markaziy banklari tomonidan pul-kredit siyosatini qat’iylashtirib borilishi kuzatilmoqda. Bu esa, global inflyatsion jarayonlarning kuchsizlanishiga va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari birja narxining nisbatan pasayishiga xizmat qiladi.

Oddiyroq qilib aytganda, 2023 yilda tashqi inflyatsion omillar va valyuta almashuv kursining nisbatan barqarorligi joriy yilda inflyatsiyani pasaytiruvchi omillardan bo‘lishi kutilmoqda.

2022 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan statistik ko‘rsatkichlar, ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlar va kutilmalardan kelib chiqib, Markaziy bank o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlarini yangiladi.

Prognozlarga ko‘ra, 2023 yil I choragida YAIM o‘sishining ma’lum darajada sekinlashishi bo‘yicha ehtimollik yuqori shakllangan bo‘lsa-da, 2023 yil yakunida iqtisodiyotning 4,5-5 foiz – bazaviy prognoz doirasida o‘sishi kutilmoqda. Global iqtisodiyotda va asosiy savdo hamkorlarimizda 2022 yildagiga nisbatan pastroq o‘sish ko‘rsatkichlarining kutilayotganligi turli kanallar (tashqi savdo, pul o‘tkazmalari, kapital oqimi va boshqalar) orqali bizning iqtisodiyotimiz o‘sishida ham o‘z aksini topadi. O‘z navbatida, bazaviy ssenariy bo‘yicha 2023 yilda yillik inflyatsiyaning 8,5-9,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda, – dedi Markaziy bank raisi.


Shahnoza Mamaturopova yozib oldi.  

O‘zA