Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama etildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasiga muvofiq, 2020 yildan boshlab davlat buyurtmasi asosida paxta va boshoqli don yetishtirish amaliyoti bekor qilinishi natijasida qishloq xo‘jaligida erkin raqobat ta’minlandi, mehnat unumdorligi oshdi va manfaatdorlikni ta’minlashga qaratilgan qulay agrobiznes muhiti yaratildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan fermer xo‘jaliklari tomonidan davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini belgilangan hajmlarda yetkazib berilishini ta’minlash majburiyati chiqarib tashlanmoqda. Shuningdek, fermer xo‘jaliklariga suv yetkazib berish, suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanish, suvni tejashga doir talablar belgilanmoqda.

Fraksiya a’zolarining fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida fermer xo‘jaliklarga yuklatilgan majburiyatlar kamaytiriladi, ular faoliyatiga davlat aralashuvi qisqaradi.

Muhokamalarda qator taklif-mulohazalar bildirilib, qonun loyihasi konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.


M.Komilova, O‘zA