Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasi anjumanlar zalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan tayyorlangan “Harakatlar strategiyasi sarhisobi” nomli infografik to‘plamning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi axborot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda markaz rahbari Eldor Tulyakov ushbu to‘plamni tayyorlash jarayoni, undan ko‘zlangan maqsad hamda kutilayotgan natijalarga to‘xtalib o‘tdi.

– 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilinib, uning ijrosi ta’minlanishi ortidan islohotlarning yuqori natijalariga erishildi, – dedi Eldor Tulyakov. – Harakatlar strategiyasiga muvofiq, barcha sohalardagi rivojlanish, avvalo, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratildi.

Shunga muvofiq ravishda, 2017–2021 yillarda mamlakatda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini qurish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqning osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratish, xalqaro maydonda O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Mazkur risolada yuqorida keltirilgan strategik hujjat doirasida amalga oshirilgan eng muhim islohotlar qiyosiy-tahliliy shaklda tayyorlanib, u keng jamoatchilik, jumladan, ekspert-tahlilchilar, siyosatchilar va xalqaro hamjamiyat uchun qulay tarzda bayon etilgan.

To‘plamda har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijalari yillar kesimida xronologik uslubda aks ettirilgan. Bu esa, jamiyatdagi har bir insonga, xoh u davlat xizmatchisi bo‘lsin, xoh oddiy fuqaro ularning barchasiga to‘plamda bayon etilgan ma’lumotlarni sodda va xalqchil tilda tushunish imkonini beradi. Har bir fuqaro o‘zini qiziqtirgan yo‘nalish bo‘yicha ma’lumotlar bilan yillar kesmidagi tahlillar misolida tanishib chiqadi.

Jumladan, byudjet va soliq siyosatini takomillashtirish borasidagi islohotlar natijasida qo‘shilgan qiymat solig‘i 2017 yildagi 20 foizdan, 2021 yil yakuniga kelib 15 foizga, amaldagi soliq turlari esa, 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Bolalarni makatabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27.7 foizdan, 67 foizga, OTMlar soni 70 tadan 154 taga yetkazildi. To‘plamda bu kabi ma’lumotlar barcha yo‘nalishlarda qator misollar orqali aks ettirilgan.

O‘z navbatida, to‘plam parlament a’zolari, davlat va nodavlat tashkilotlar, ta’lim muassasalari, OAV vakillari va ekspert-tahlilchilarning ish faoliyatida ham muhim hujjat sifatida asqotadi.

Hozirda to‘plam markaz ekspertlari tomonidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga o‘girilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari bilan xalqaro hamjamiyatni ham yaqindan tanishtirib borishdan iboratdir.

O‘zA