Farg‘onada AQSH Mehnat vazirligi Xalqaro mehnat masalalari boshqarmasining odam savdosi, majburiy mehnat va bolalar mehnati masalalari bo‘limi vakillari Margaret Jungk, Sara Solomon hamda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Sara Bekkerni ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alibek Tursunov qishloq xo‘jaligi, xususan, pillachilik tarmog‘ida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi. Shuningdek, tashrif doirasida odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida Farg‘ona viloyatida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarning natijalari bilan tanishish maqsadida mehmonlar viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan mahalliy pillachilik korxonalarida bo‘ldilar.

“Nurli tong silk” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Vodiy marjoni” xususiy korxonasi, Marg‘ilon shahridagi Hunarmandlar markazi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

–Aynan pillachilik sohasida keyingi yillarda ishchi-xizmatchilar mehnatini himoya qilish, soha faoliyatini xalqaro mehnat qonunchiligi me’yorlari asosida tashkil etish va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida quvonarli natijalarga erishilmoqda, –deydi Farg‘ona viloyati “Agro pilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati boshqaruvi raisi Maqsudjon Qosimov. – AQSH Mehnat vazirligi vakillari bir qator pillachilik korxonalarida bo‘lib, ushbu jarayonni bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi. O‘z navbatida AQSH Mehnat vazirligi vakillari tashrif davomida Farg‘ona viloyati hokimligi huzurida tashkil etilgan odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish hududiy komissiyasi faoliyati bilan tanishib, komissiya a’zolari bilan ham suhbatlashdi.


M.Sulaymonov, O‘zA