Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari 2022 yilgi Davlat dasturining ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda asosiy e’tiborni partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, turizm va inson kapitalini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga qaratdi.

Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, mamlakatda olib borilgan izchil islohotlar natijasida 2022 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,7 foizni tashkil qildi.

— Investitsiyalarni jalb etish iqtisodiyotimiz rivojida muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda o‘tgan yilda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi, — dedi fraksiya rahbari A.Haitov. — Jumladan, 11,8 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, investitsiya dasturlari doirasida 12,6 mingta loyihani ishga tushirish hisobiga 305 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Joylardagi “Loyiha guruhlari”ning faoliyati doirasida esa hududiy dasturlarda ko‘zda tutilmagan 655 million dollarlik 1 ming 776 ta yangi loyihalar ishga tushirilishi evaziga qo‘shimcha 31,6 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. E’tiborli jihati, 15 milliard dollarlik tovar va xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Birgina 294 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga xalqaro standart va sertifikatni joriy qilish bo‘yicha 41,3 milliard so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatilgani tufayli korxonalar tomonidan 987,2 milliard dollarlik eksport qilinishiga erishildi.

Shuningdek, yig‘ilishda hisobot davrida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratish, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazishga qaratilgan ishlar e’tirof etildi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar Davlat dasturi ijrosi doirasidagi ishlarni ijobiy baholab, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida qator taklif va mulohazalarini bildirdilar. Bahs-munozaralardan so‘ng Vazirlar Mahkamasining hisoboti ma’qullandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA