Tailandda boks bo‘yicha U-22 Osiyo chempionatining qizlar o‘rtasidagi final janglari yakunlandi.
Shiddatli va murosasiz bahslarga boy bo‘lgan chempionat finalida O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar a’zosi oltin, 3 nafari kumush medalga ega chiqdi.
Shuningdek, musobaqalar davomida hamyurtlarimizning 2 nafari bronza medaliga sazovor bo‘lgani vakillarimizni umumjamoa hisobida 20 dan ziyod davlat vakillari orasida 1-o‘rinni egallashini ta’minladi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Farzona Fozilova, Sabina Boboqulova, Feruza Kazakova, Nigina O‘ktamova va Navbahor Hamidova oltin, Sitora Turdibekova, Aziza Zokirova, Sohiba Ro‘zmetova kumush, Ziyoda Yarasheva hamda Sahobat Husanova bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Ertaga, 26 yanvar kuni mazkur chempionatning yigitlar o‘rtasida o‘tadigan final janglarida 10 nafar hamyurtimiz g‘oliblik uchun ringga ko‘tariladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA