Joriy yil Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkaziladigan yozgi Osiyo o‘yinlari kelgusi yil “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning eng yuqori nuqtasi hisoblanadi.

Xo‘sh, Olimpiada yo‘lidagi qit’a o‘yinlariga mamlakatimiz sport jamoalari qay tarzda tayyorgarlik ko‘rmoqda? O‘tayotgan yilda ushbu kompleks o‘yinlarga hozirlik ko‘rishda sport turlari bo‘yicha belgilangan rejalar bajarilyaptimi?

Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan mazkur nufuzli kompleks o‘yinlarga hozirlik ko‘rish borasida olimpiya sport turlari bo‘yicha sport federatsiyalari oldiga tayyorgarlik strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan edi.

Shu maqsadda joriy yil yanvar oyidan sport federatsiyalarining “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik strategiyasi taqdimotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi va O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi murabbiy va mutaxassislari o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi.

Taqdimot jarayonida qit’a o‘yinlarida qatnashishga jalb qilinayotgan sportchilar, murabbiy va mutaxassislar tarkibi, tayyorgarlik dasturi, o‘quv-mashg‘ulotlar tizimi, sportchilarning ruhiy va jismoniy  holati, mashg‘ulot hamda musobaqalarda qatnashish mundarijasi, ajratilayotgan mablag‘larni maqsadli sarflash, jihozlar va ulardan foydalanish tartibi, xorijiy jamoalar bilan hamkorlik kabi masalalar maxsus dasturlar asosida tanishtirildi.

Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, sport maktablarining rahbarlari, jismoniy tarbiya va sport ta’limi mutaxassislari qatnashgan taqdimotda har ikki sport turining “Xanchjou-2022” bilan bog‘liq barcha masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Terma jamoalarning, sportchilarning yanada yuqori natija ko‘rsatishi, ishlab chiqilgan prognozlar, o‘tgan 2022 yildagi natijalar, hududlar kesimida amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.

Mutasaddi va mutaxassislar taqdimotda o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, og‘ir atletika va taekvondo bo‘yicha ishlab chiqilgan tayyorgarlik strategiyasi boshqa sport turlariga andoza ekanligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlari joriy yilning 23 sentyabr — 8 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA