“Bloomberg” agentligining Jahon aholishunoslik tashkilotiga tayanib xabar berishicha, Hindiston aholisi 2022 yil oxirida 1,417 milliard kishini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 1,412 milliardlik Xitoy aholisidan besh millionga ko‘pdir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Hindiston aholisi soni bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirib, dunyo bo‘ylab yetakchi bo‘lishni bashorat qilgan edi. Ammo uning bunchalik tez o‘zgarishini kutmagan, deyiladi xabarda.

Hindiston rasmiy ravishda aholining yangi raqamlarini e’lon qilmagan. Mamlakat odatda har o‘n yilda bir marta aholini ro‘yxatga oladi. 2021 yilga mo‘ljallangan bu tadbir pandemiya sababli qoldirilgan edi.

Xitoy Statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Xitoy aholisi o‘tgan yillarga nisbatan 850 ming kishiga kamaygan. Bu kamayish holati 1960 yildan beri birinchi marta qayd etildi.

BMT bashoratiga ko‘ra, yaqin yillarda Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi aholi soni bo‘yicha farq sezilarli ravishda o‘zgaradi. 2050 yilga borib, Hindiston aholisi 1,6688 milliard kishiga yetishi, Xitoyniki esa 1,317 milliard kishi bo‘lishi kutilmoqda.

Umuman olganda, aholi sonining eng katta o‘sishi Kongo Demokratik Respublikasi, Misr, Efiopiya, Hindiston, Nigeriya, Pokiston, Filippin va Tanzaniyada kuzatilmoqda.

 

O‘zA