Ma’lumki, 2017-yil 21-sentabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylov o‘tkazilgan edi. Uning natijasida ushbu akademiyaga 12 nafar yangi a’zo saylangandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 6-martdagi qarori asosida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining yangi haqiqiy a’zolari ro‘yxati tasdiqlandi.
Ushbu ro‘yxatdan grafik rassom Anvar Mamajonov, rangtasvirchi rassomlar – Sarsenboy Boybo‘sinov, G‘ofur Qodirov, Asliddin Isayev, Fayzullaxon Ahmadaliyev, Baxtiyor Nazarov, Ivan Salpinkidi, shuningdek, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Nigora Ahmedova, haykaltarosh Marina Borodina, arxitektor-naqqosh Anvar Ilhomov, usta-rassom Sirojiddin Rahmatillayev, ganchkor usta Mansurjon Murodov o‘rin oldi.
Ayni vaqtga qadar akademiya tarkibida 27 nafar akademik bor edi. Endilikda ular safiga yuqoridagi ijodkorlar ham qo‘shildi.
Badiiy yo‘nalishda ijod qilib o‘z maktabi, yo‘nalishini yaratgan, sohasiga yangiliklar kiritgan, shogirdlar tarbiyalagan o‘n ikki yangi a’zo endilikda akademiya ishida bevosita faol ishtirok etadi. Shaxsiy, jamoaviy ko‘rgazmalar tashkil etish, ustoz-shogirdlik an’analarini davom ettirish, tasviriy va amaliy san’at rivoji uchun zarur loyihalarni tashkil etish ularning birlamchi vazifalaridan hisoblanadi.