Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan II Butunjahon konferensiyasi (WCECCE) 150 davlat vakillarini bir platformada birlashtirdi.

Xalqaro konferensiyada  YUNESKO Bosh direktori Odri Azule ishtirok etib, nutq so‘zladi.

– O‘zbekiston bilan YUNESKOning hamkorligi barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda. Mamlakatingizning boy ma’naviy merosini tiklash va chuqur o‘rganish borasida samarali hamkorlik qilib kelinmoqda. Madaniyat, ta’lim, fan va boshqa sohalarda turli loyihalar birgalikda amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston bizga Samarqand, Buxoro va Xiva kabi dunyoga mashhur shaharlarni sovg‘a qilgan.

Eng asosiysi, ta’lim sohasida ham istiqbolli hamkorlik o‘rnatilganligini qayd etish kerak. O‘zbekistonda kichik yoshdagi  bolalarni ta’lim bilan qamrab olish, sifatli ta’lim va tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi ishlarni yuqori baholayman.

Kichik yoshdagi bolalar ta’limi haqida gapirganda, avvlo bu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlashga e’tiborni yanada kuchaytirish lozim. Agar maktabgacha ta’limni 2030 yilgacha butun dunyo mamlakatlarida amalga oshirishni yo‘lga qo‘ysak 9 million o‘qituvchi va mutaxassislar tayyorlash ehtiyoji borligi ko‘rinadi. Nafaqat o‘qituvchilarni  tayyorlash, shu bilan birga ularni munosib maosh bilan ta’minlashga ham e’tibor qaratishimiz kerak.

So‘ngi yillarda eng yaxshi ta’lim va  fidoyi xodimlarni tanlab olish va ularni o‘qitish bo‘yicha ishlar olib borildi. 2023 yildan boshlab YUNESKO va YUNISEF Jahon banki bilan hamkorlikda har ikki yilda erta bolalik hisobotini tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.

Shu bilan birga, Toshkent deklaratsiyasida maktabgacha ta’lim yo‘nalishida ajratilgan 5 foiz mablag‘ni o‘n foizga oshirishni kiritamiz. Tahlillarga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarda bu jarayon yo‘lga qo‘yilgan. Biroq  past rivojlangan davlatlar byudjetining 2 foizi shu yo‘nalishga ajratilar ekan. Xalqaro miqyosda ta’limga yo‘naltirilgan yordamning atigi 2 foizi maktabgacha ta’limga qaratiladi.  Biz nafaqat milliy miqyosda, balki xalqaro miqyosda ham majburiyatlarni bo‘ynimizga olishimiz kerak. Chunki bu masala xalqaro ahamiyatga ega. Bu konferensiyada moliyaviy institutlar ishtirok etayotganligi juda muhim.

So‘zim yakunida O‘zbekiston maktabgacha ta’lim bo‘yicha  butun dunyoda yetakchilik qilayotganini qayd etmoqchiman. Yosh bolalarga bo‘lgan qarashimiz, ularga bo‘lgan munosabatimiz yashayogan jamiyat haqidagi nozik ma’lumotlarni beradi. Toshkent shahrida kichik yoshdagi bolalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni ko‘rib shu jamiyat haqida xulosalarga kelish mumkin.

 

Go‘zal SATTOROVA,

O‘zA