Kimlarga beriladi, shartlari, huquqiy asoslari va miqdorlari…

Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati bu bo‘yicha to‘liq ma’lumot berdi.

So‘nggi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlar va o‘qituvchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir olib borilayotgan qonunchilik o‘zgarishlari ta’lim fidoyilari mehnatini yanada moddiy qo‘llab-quvvatlashda katta ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, xalq ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan tashabbuskor va iqtidorli o‘qituvchilar quyidagi har oylik ustama va qo‘shimcha to‘lovlarga ega bo‘lib kelishmoqda:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 yanvardagi “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ – 4940-son qaroriga muvofiq:

bir ma’muriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;

boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz ustama;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ – 5117-son qaroriga muvofiq:

ta’lim muassasalarining kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega xorijiy tillar (ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu, hind) o‘qituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz ustama;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ – 4306-son qaroriga muvofiq:

xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan oltin, kumush va bronza medallari bo‘yicha tegishincha 150, 175, 200 foiz;

Ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan:

xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga 150 foiz;

asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga 100 foiz ustama;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 1 apreldagi “Qishloq joylardagi bolalar sporti ob’ektlarida band bo‘lgan ayol sport ustozlari mehnatini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ – 1315-son qaroriga muvofiq:

qishloq joylardagi umumta’lim maktablarida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hamda sport ustozi bo‘lib ishlayotgan ayollarning tarif stavkalariga har oyda 15 foiz ustama;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi “2022 — 2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF – 134-son qaroriga muvofiq:

xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz ustama;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi “Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 425-son qaroriga muvofiq:

kasbiy mahoratini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan test va suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida ustama;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 638-son qaroriga muvofiq:

inklyuziv ta’lim sinflari o‘qituvchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi sinfda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bir nafar bola uchun lavozim maoshining 10 foizdan — 40 foizgacha ustama;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi “Olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 471-son qaroriga muvofiq:

olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga ish stajidan kelib chiqib 10 foizdan — 50 foizgacha ustama;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 823-son qaroriga muvofiq:

Direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Umumta’lim muassasalari xodimlariga jumladan, pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 10 foizdan — 40 foizgacha ustama;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 dekabrdagi “Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi 1030-son qaroriga muvofiq:

Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda tashkilot deb ataladi) ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning lavozim maoshiga nisbatan:

fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) (yoki xorijiy mamlakatlarda ularga tenglashtirilgan darajalar) (keyingi o‘rinlarda falsafa doktori deb ataladi) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun — lavozim maoshining 30 foizigacha;

fan doktori (Doctor of Science) (yoki xorijiy mamlakatlarda unga tenglashtirilgan daraja) (keyingi o‘rinlarda fan doktori deb ataladi) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun — lavozim maoshining 60 foizigacha ustama;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 3 yanvardagi “Faxriy unvonlar egalariga to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2-son qaroriga muvofiq:

“Xalq” va “Xizmat ko‘rsatgan arbob” faxriy unvonlari egalariga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari;

“Xizmat ko‘rsatgan” faxriy unvoni egalariga (qolgan kasblar bo‘yicha) bazaviy hisoblash miqdorining 1,6 baravari miqdorida ustama;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 275-son qaroriga muvofiq:

a) sinfdagi o‘quvchilar soniga ko‘ra sinf rahbarligi uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 26,4 foizdan — 52,8 foizgacha sinfdagi o‘quvchilar soniga ko‘ra quyidagicha:

15 nafar o‘quvchigacha — 26,4 foiz;

16 nafardan 20 nafar o‘quvchigacha — bfoiz;

21 nafardan 25 nafar o‘quvchigacha — 36,9 foiz;

26 nafardan 30 nafar o‘quvchigacha — 42,1 foiz;

31 nafar va undan ko‘p o‘quvchi bo‘lganda — 52,8 foiz;

B) daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun o‘quvchilar sonidan kelib chiqib mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 8,8 foizdan — 17,6 foizgacha;

v) informatika kabineti mudirligi uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 17,6 foiz;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti bitiruvchilarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi 347-son qaroriga muvofiq:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetini bitirib, davlat idoralari va nodavlat tashkilotlarga ishga qabul qilinadigan bakalavr va magistrlarning lavozim maoshlariga 20 foiz ustama.

O‘zA