Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Italiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostina Pinna, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari – JIDU rektori Sodiq Safoyev, shuningdek, senator, professor-o‘qituvchi va talabalar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Keyingi davrda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida qator sohalardagi sheriklik sezilarli faollashdi. Mamlakatlarimiz diplomatik aloqani yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida tinimsiz izlanishyapti. Bu borada samarali mexanizm yo‘lga qo‘yilgan. Birgalikda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida davlatlararo savdoda barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkich 1 milliard dollarga yetkazilishi kutilyapti. Qo‘shma sanoat loyihalari, jumladan, “Danieli”, “Pietro Fiorentini”, “Wood” va “Ferroli” kabi Italiya kompaniyalari bilan hamkorlik ko‘lami ortmoqda.

S.Safoyev O‘zbekiston Italiyani betakror tarixiy-madaniy merosga ega mamlakat sifatida va ayni vaqt salmoqli iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va intellektual salohiyatga ega yirik sanoat markazi, deb bilishini, Italiyaning xalqaro maydondagi, xususan, Yevropa Ittifoqi, G-7 va G-20 doirasidagi samarali faoliyatini katta qiziqish bilan kuzatib borishini e’tirof etdi.

Tadbirda madaniyat, fan va ta’lim sohasidagi ikki tomonlama aloqalar ko‘lami kengayib borayotgani qayd etilib, O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabat kelgusida yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirildi.

– bugungi sana tarixiy voqea ekani hech kimga sir emas, – dedi Elchisi A.Pinna. – Diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil to‘lishi mushtarak niyatli xalqlarimiz uchun o‘ziga xos tantana. Birgina savdo-sanoat sohasini olsak, hamkorlik doirasida qator ijobiy natijalar qo‘lga kiritilganiga guvoh bo‘lamiz. To‘qimachilik, marmar ishlab chiqarish sohalari ham faollashgan. Bundan tashqari, metallurgiya sanoati bo‘yicha ko‘plab loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Investitsiyaviy g‘oyalarni ilgari surish jarayoniga har ikki tomon tadbirkorlari jalb qilingan.

Elchi O‘zbekiston Venetsiyada bo‘lib o‘tadigan arxitektura ko‘rgazmasida ham ishtirok etishi, bu borada mamlakatimiz salohiyati yuqori ekaniga alohida urg‘u berdi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda ikki davlat tashqi siyosat idoralari, parlamentlari muloqoti, investitsiya hamkorligi, texnologik va sanoat taraqqiyoti yo‘nalishi uchun mas’ul vazirlik, agentliklar o‘rtasidagi almashinuvlar jadallashgani ta’kidlandi.

Davra suhbati so‘ngida konstruktiv siyosiy muloqot hamda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqaga doir istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.

JIDU talabalari tadbir ishtirokchilariga qarata italyan tilida murojaat qilgani, universitetda bu til ikkinchi tillar qatorida o‘qitilayotgani mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.

Behruz Xudoyberdiyev,  O‘zA