Xitoy poytaxti Pekinda davom etayotgan qishki Olimpiya o‘yinlarining 13 fevral kungi dasturidan o‘rin olgan yo‘nalishlar bo‘yicha bahslar o‘z poyoniga yetdi.

Mamlakatimiz sport ixlosmandlarining diqqat-e’tiborida bo‘lgan tog‘ chang‘isining gigant slalom musobaqalarida hamyurtimiz Komiljon To‘xtayev O‘zbekiston sharafini himoya qildi.

Mazkur yo‘nalishda 90 nafar atrofidagi ishtirokchilar oq olimpiadaning medallari uchun kurash olib borishdi.

Murakkab ob-havo sharoitida o‘tgan bahslarda ularning deyarli teng yarmi belgilangan marrani bosib o‘ta olishmadi.

Quvonchlisi, “Ice River” trassasidagi musobaqalarning birinchi va ikkinchi bosqichida omadli qatnashgan 46 nafar sportchi orasida hamyurtimiz Komiljon To‘xtayev nomi ham qayd etildi.

U ilk startda 1:12.77 natija bilan 35-o‘rinda joylashdi. Ikkinchi startda esa belgilangan masofani 1 daqiqa 14.72 soniya ichida bosib o‘tdi va 27-o‘rinni egalladi va ikkita urinishning umumiy natijasiga ko‘ra, 2:27.49 ni tashkil etgan tarzda 29-pog‘onani band etdi.

Tog‘ chang‘isining gigant slalom yo‘nalishida g‘oliblik masofani 2.09,35 da bexato kesib o‘tgan shveysariyalik Marko Odermattga nasib etdi. Sloveniya sharafini himoya qilgan Jan Kranes 2.09,54 ko‘rsatkich bilan 2-o‘rinni, marraga 2.10,69 da yetib kelgan fransiyalik Matyo Fevr 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ahamiyatli jihati, Komiljon To‘xtayev ushbu natijasi bilan Qishki olimpiya o‘yinlaridagi o‘z shaxsiy rekordini yangiladi.

To‘rt yil muqaddam 2018 yili Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida o‘tgan Qishki olimpiya o‘yinlarida u 52-o‘rinni egallagandi.

bugungi o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, medallar jamg‘arish bo‘yicha Norvegiya, Germaniya va Niderlandiya jamoalari yetakchilik qilmoqda.

XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining sovrinli o‘rinlari uchun kurash bo‘ladigan 14 fevral kungi musobaqalar dasturiga binoan 4 ta yo‘nalishda medallar uchun yana 4 tasida esa saralash bellashuvlari davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, hamyurtimiz To‘xtayev endi 16 fevral kuni o‘tadigan tog‘ chang‘isining slalom bellashuvlarida olimpiya medallari uchun bahslarga kirishadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA