Nukus shahridagi 1-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan kurash, yengil atletika, badiiy gimnastika, erkin kurash, taekvando WTF, futbol, voleybol, karate WKF, turon yakka kurashi kabi 21 yo‘nalishdagi to‘garaklarga 1 ming 734 nafar o‘g‘il-qiz a’zo bo‘lgan.

Bu yerda 64 murabbiy-o‘qituvchi  shogirdlariga sport sirlarini yaqindan o‘rgatib kelmoqda.

Muassasa binosi zamonaviy uslubda barpo qilingan. 2019 yili  sport maktabi inshootida umumiy qiymati 9 milliard 600 million so‘mlik yirik ta’mirlash ishlari olib borilgan. Asosiysi muassasaning ko‘pgina  iqtidorli tarbiyalanuvchilari nufuzli sport musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda.

Xususan, 2021 yili bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati musobaqalarida maktabning 14 sportchisi, Osiyo chempionatida 4 sportchi, xalqaro turnirlarda 20 sportchi, shuningdek, respublika miqyosidagi bahslarda 512 nafar sportchi sovrinli o‘rinlarni egalladi.

Maqsad HABIBULLAEV,O‘zA