logo.jpg
 

Poytaxtimizda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, dzyudo federatsiyasi rahbarlari, viloyat dzyudo federatsiyalari vakillari, murabbiylar, sport jamoatchiligi ishtirok etdi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Alisher Akmalov so‘zga chiqib, mamlakatimizda sportni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan dzyudoni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi. Shuningdek, xalqaro maydonda erishilayotgan yutuqlar salmog‘ini yanada oshirish, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish haqida to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasining matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha Konferensiyada bugunga qadar O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining Bosh kotibi lavozimida ishlab kelgan Rishod Sobirov federatsiya sport direktori sifatida saylandi. Abdulla Murodov esa mamlakat dzyudo federatsiyasiga Bosh kotib etib tasdiqlandi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA