Bugun – 2 fevral kuni Pekindagi Olimpiya shaharchasining janubiy darvozasida Qishki olimpiya o‘yinlari mash’alasining birinchi bosqich estafetasi boshlandi.
Xitoydagi ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, kechga qadar «Uchar» nomini olgan mash’ala Pekin g‘arbidagi o‘yinlar tashkiliy qo‘mitasi joylashgan «Shougan» bog‘iga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Ertaga 3 fevral kuni mash’ala Olimpiya o‘yinlarining ayrim sport turlari o‘tadigan Yansin shaharchasiga yetib boradi.
Mash’alani Pekin bo‘ylab olib o‘tish estafetasining uchinchi bosqichi Chjanszyakou shaharchasida bo‘lib o‘tadi. 4 fevral kuni mash’ala XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi tashkil etiladigan «Qush uyasi» stadioniga yetkaziladi.]
Xabarda aytilishicha, epidemiologik vaziyat tufayli mash’alani olib o‘tish estafetasi uch kunga qisqartirildi. Shunday bo‘lsa-da, mazkur jarayonda 14 yoshdan 86 yoshgacha bo‘lgan 1,2 ming nafarga yaqin xitoyliklar ishtirok etishi kutilmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihat, tarixda birinchi marta belgilangan manzillarda Olimpiya mash’alasini qo‘ldan-qo‘lga uzatish jarayonlarida robotlar bir-birlariga uzatishadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA