Namanganda ayollar o‘rtasida voleybol bo‘yicha XXIX-O‘zbekiston chempionati bahslariga start berildi.
Chempionatning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Botirjon Nuriddinov, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Husan Nasrullayev so‘zga chiqib, bu kabi musobaqalar yosh avlod vakillarini sportga ommaviy jalb etish bilan bir qatorda ularni Respublika terma jamoalari saflariga qabul qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Andijon, Xorazm, Samarqand, Buxoro va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahridan jami to‘qqizta jamoa ishtirok etmoqda. 4 fevralga qadar kechadagan mamlakat chempionatida ishtirokchi jamoalar aylanma tizimda g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda.
Ta’kidlash joizki, ushbu bahslar ayniqsa, shu yil iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan “Olimpic U-17” jamoasi uchun o‘ziga xos mahorat va tajriba maydoni vazifasini o‘taydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy mavsumdagi O‘zbekiston chempionati beshta turdan iborat bo‘lib, g‘oliblar may oyida o‘tkaziladigan “pley-off” bahslari orqali aniqlanadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA