Davlat xizmatlari markazlariga har kuni fuqarolar turli masalalarda murojaat qilib keladi. Shuningdek, markazlarda yo‘lga qo‘yilgan «Call-markaz»lari orqali ham viloyat aholisidan qaysidir xizmatdan foydalanish, tegishli xizmatni onlayn olish, zarur hujjatlar va ba’zida sog‘lig‘i yoki boshqa ijtimoiy sabablar bilan xizmatni uyiga kelib ko‘rsatishlarini so‘rab, qo‘ng‘iroq qiladigan yurtdoshlarimizni uchratish mumkin.

Bejizga bu haqida gap boshlamadik. Bulung‘urning «Mehrjon» mahallasida yashovchi U.Sodiqova birinchi guruh nogironi. Shu kunlari sog‘lig‘idagi muammolar sabab eshik xatlab ko‘chaga ham chiqolmayotgan edi. Lekin o‘z mulkida bo‘lgan noturar binoni qisqa fursatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kerak. Markazga boray desa, iloj yo‘q. Qishloqning sodda, mushtipar ayoli emasmi, xizmatni onlayn tarzda ham ololmaydi. Shunda u Bulung‘ur tuman Davlat xizmatlari markazi «Call-markaz»iga qo‘ng‘iroq qilib, bu borada amaliy yordam so‘radi.

Markaz xodimlari shu zahoti fuqaro ma’lum qilgan manzilda bo‘lib, davlat xizmatini sayyor tartibda ko‘rsatishdi. U.Sodiqova xonadonidan chiqmagan holda o‘z mulkidagi noturar binoni 5 daqiqada davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga musharraf bo‘ldi.

— Davlat xizmatlaridan foydalanishda biz kabi keksa va nogironlarga yaratilgan bunday qulayliklar albatta quvonarli, — deydi U.Sodiqova. — Qo‘ng‘iroq qilganimda ochig‘i kelishlariga shubha bilan qaragandim, lekin mana kelib, xizmatni a’lo darajada ko‘rsatib ketishyapti. Prezidentimiz ilgari surayotgan inson qadri, davlat idoralari xalqimiz uchun singari tamoyillari ijrosini ko‘rdim.

Shuningdek, tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan «G‘o‘bdin» MFY da yashovchi fuqaro Sh.Sattarovning murojaatiga asosan u istiqomat qilayotgan xonadonga borib, sayyor tartibda fuqaroning ikkinchi guruh nogironligi bo‘yicha nafaqa tayinlash xizmati yuzasidan arizasi ko‘rib chiqilib, murojaat shu kunning o‘zida qanoatlantirildi va fuqaroga nafaqa tayinlandi.

Ta’kidlash kerakki, «Call-markaz»lari fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani o‘rnatib, ularning davlat xizmatlariga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini tezkor, qulay va shaffof ravishda hal etish imkoniyatini bermoqda.

Eslatib o‘tamiz,  «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlangan Dasturga (https://t.me/davxizmat/8272?single) ko‘ra,  joriy yildan Davlat xizmatlari markazlarida keksa va nogironlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish soddalashtirilmoqda.

O‘zA