Mutaxassis javobi

Joriy yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Xo‘sh, ushbu farmonning mazmun-mohiyati nimalardan iborat? Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini moddiy qo‘llab-quvvatlashda yana qanday qulayliklar yaratilmoqda? Ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga farmon bilan qancha kompensatsiya beriladi? Yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun qancha miqdorda qo‘shimcha to‘lov belgilandi?

O‘zA muxbirining mazkur savollariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Nozimjon JO‘RAEV javob berdi.

– Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishda ushbu hujjat muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonmala qo‘llash bosh maqsad qilib olingan. Ma’lumot o‘rnida aytadigan bo‘lsak, shu kunga qadar besh toifadagi fuqarolar uchun kompensatsiya to‘langan. Ya’ni, bu toifaga 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, urush nogironi va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar (jumladan, baynalmilalchi, tinchlik o‘rnatuvchi xarbiy xizmatchilar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlar, konslager mahbuslari, CHAES halokatida jabrlanganlar, yadro va radiatsiya ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘taganlar va 1941-1945 yillardagi urushning mehnat fronti qatnashchilari kiradi.

Farmonda ko‘rsatilganidek, 2022 yil 1 martdan kompensatsiya to‘lovi, uni olish huquqiga ega bo‘lgan barcha imtiyozli toifadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qat’iy nazar, to‘lab boriladi. Bunda ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslar uchun har oylik kompensatsiya to‘lovi – pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi miqdorida to‘lanadi. Shuningdek, ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga qo‘shimcha to‘lov joriy etish belgilangan. Unda yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Shu kunga qadar respublikamizda 30 ming nafar baynalmilalchiga kompensatsiya to‘lab kelinayotgan bo‘lsa, ushbu farmonga asosan yana 30 ming nafarga yaqin shaxslarga kompensatsiya beriladigan bo‘ldi.

2022 yil 1 martdan barcha imtiyozli toifaga kiruvchi (qo‘shimcha 29,4 ming nafar) shaxslarga, ularning pensiya (nafaqa) olishi yoki mehnat faoliyatini olib borishidan qat’iy nazar, 130 ming so‘mdan kompensatsiya olish huquqi beriladi. Ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz 298 nafar shaxsga 130 ming so‘mdan kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi.

Amalda o‘zgalar parvarishiga muhtoj pensionerlarga kompensatsiya to‘lanadi. Ushbu farmon bilan yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi 37 nafar shaxsga har oyda 289 ming so‘mdan qo‘shimcha to‘lov to‘lab boriladi.

Aytish joizki, har oyda to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali respublika byudjeti va byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi, – dedi Nozimjon Jo‘rayev.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.