Bugun koronavirus infeksiyasining yangi shtammi homilador ayollarni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Xo‘sh, bu kasallik bo‘lajak onalarda qanday kechmoqda? Yangi mutatsiya ular uchun qanchalik xavfli?

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi tug‘ruq bo‘limi rahbari Yulduz Eshonovaning so‘zlariga ko‘ra, homilador ayollarda nafaqat COVID-19, balki boshqa kasalliklarni yuqtirib olishga ham moyillik yuqori. Sababi, bu davrda immunitet susayib, organizmning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligi pasayadi. Shu bois ular o‘zlarini imkon qadar turli xastaliklardan asrashi zarur.

– Biroq koronavirusning yangi shtammidan ortiqcha xavotirlanish va sarosimaga berilish ham yaramaydi. Chunki ayni payt kasallik aksariyat bemorlar, ayniqsa, homiladorlarda oddiy belgilar bilan namoyon bo‘lyapti, – deydi Yu.Eshonova. – Xususan, xastalik umumiy zaiflik, tana haroratining oshishi, bosh og‘rig‘i, mushak va bo‘g‘imlarda og‘riq, tomoq og‘rig‘i, burun bitishi, aksirish, ishtahaning yo‘qolishi kabi belgilar bilan kechmoqda. Bundan tashqari, bemorlarda o‘pkaning zararlanishi deyarli kuzatilayotgani yo‘q. Qonning kislorod bilan to‘yinishi (saturatsiya) pasaymayapti. Tana harorati 1-2 kundan so‘ng tushib, organizm 4-5 kundan keyin tiklanishni boshlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, ko‘p suyuqlik ichish, toza havoda sayr qilish, vitamin va minerallar bilan boyitilgan taomlar iste’mol qilish kasallikdan tezroq sog‘ayishga yordam beradi.

O‘zA