Bilasizmi?

Ekspress testlarning bir necha xillari mavjud bo‘lib, ulardan biri bu inson qonida virus yoki virusga nisbatan hosil bo‘lgan antitanalarni aniqlashga mo‘ljallangan testlardir.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi Biotexnologiya laboratoriya mudiri Dilbar Dolimovaning so‘zlariga ko‘ra, agar ushbu ekspress test virusga nisbatan hosil bo‘lgan antitana miqdorini o‘lchashga qaratilgan bo‘lsa, unda maxsus nitrotsellyuloza qog‘ozga odamdagi IgM hamda IgG antitanalarini bog‘lovchi anti-antitanalar ko‘ndalang chiziq shaklida shimdirilgan bo‘ladi.

– Shuningdek, oltin bilan nishonlangan virusning antitanalari kon’yugatsion qog‘ozga shimdirilgan bo‘ladi, – deydi D.Dolimova. – Testga qon tomizilganda qondagi virusga qarshi hosil bo‘lgan antitanalar kon’yugatsion qog‘ozdagi antigenlarga birikadi hamda kapilyar orqali harakatlanib, mos ravishda anti-IgM yoki anti-IgG liniyaga yopishadi hamda nishonlangan antigenlar bir joyga yig‘ilganligi sababli rang hosil bo‘lishi kuzatiladi.

Huddi shunday testlardan biri bu virus antigenini aniqlash uchun mo‘ljallangan testlar bo‘lib, ushbu ekspress test turida virus antigenini tanib bog‘lanuvchi maxsus antitanalar kon’yugatsion qog‘ozga shimdirilgan bo‘ladi. Bu usulda test olib borish burun-og‘iz namunasi uchun mos keladi.

Ayni vaqtdagi teskari transkriptazaga asoslangan PZR usulida virus RNKsi burun-og‘iz namunasidan ajratib olinadi hamda virus RNKsidan teskari transkripsiya usulida DNK nusxasi olinadi va virusga xos bo‘lgan nukleotid ketma-ketlik aniqlanadi.

 

O‘zA