Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti “Age Tashkent” loyihasini ishga tushirdi.

Bu haqda hokimlik Matbuot xizmati xabar berdi.

Unda tanlangan vaqt oralig‘ini yoki aniq yilni qo‘llagan holda Toshkentdagi binolarning yoshini aniqlash imkoniyati mavjud.

Loyihadan foydalanish bo‘yicha oddiy yo‘riqnoma: xaritada sizni qiziqtirgan binoni toping, belgilang va kerakli ma’lumotlarga – qurilish sanasi, binoning turi (turar joy binosi, ma’muriy bino) va boshqa ma’lumotlarga ega bo‘ling.

Qurilgan yiliga qarab barcha binolar turli ranglarda belgilangan. Ekranning o‘ng qismida berilgan diapazondagi, masalan, 1944 va 1998 yillar oralig‘ida qurilgan binolarni ko‘rsatib turuvchi “gradusnik” joylashgan.

Binolarning rangi ham tasodifan tanlangan emas. Qadimgiroq binolar to‘kiluvchi materiallar – somon va loy rangida aks ettirilgan.

Sobiq SSSR davrini olovrang va qizil rang aks ettirsa, 1966 yildagi yer qimirlashidan keyin paydo bo‘lgan metro ko‘k rangda namoyon bo‘ladi.

Shuningdek, Mustaqillik yillariga och havorang belgi bo‘lsa, yangi O‘zbekiston davri yashil rangda bo‘yalgan.

Qayd etilishicha, binoning yoshi yoki boshqa ma’lumotlarida xatolik topsangiz, u haqida qayta aloqa orqali ma’lumot bering, bu dasturchilarga ma’lumotlar bazasini sozlash va takomillashtirish imkonini beradi.

Ekranning chap qismidagi qulf belgisiga bosib “Sirli xonani” oching. U Toshkentning chegaralarini yilidan kelib chiqib, ko‘rsatib bera oladi. Unda barcha tumanlar, shahar atrofidagi qal’a devori, 12 ta darvoza, shuningdek, madaniy meros ob’ektlarining arxeologik hamda ko‘chalarning zamonaviy nomlari ko‘rsatilgan.

“Age Tashkent” loyihasi Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti  mutaxassislari mehnatining natijasidir. Loyiha Toshkentning boy tarixi, uning me’moriy va arxeologik merosini ko‘rib, haqiqiy baho berish imkoniyatini beradi.

Xabarga ko‘ra, loyiha Niderlandiyada ishlab chiqilgan, so‘ngra Yevropa va Rossiyada keng tarqalgan “Building Age Maps” chellenj g‘oyasi asosida shakllantirilgan. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida ilk bor O‘zbekistonda bunday interaktiv karta ishga tushirilgani ham katta yangilik bo‘ldi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA