O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari – «O‘zsuvta’minot» AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy o‘rtasida joriy yil 28 yanvar kuni uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

– S.Saifnazarov OIIB bilan hamkorlik aloqalari tobora rivojlanayotganini qayd etib, mehmonlarga suv ta’minoti sohasida ilg‘or “aqlli” texnologiyalarni joriy etgan holda bank bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ma’lumot berdi, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari A.Murodov.

– Jumladan, bugungi kunda OIIB ishtirokida “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 437,6 million dollar bo‘lib, shundan 385,1 million dollar OIIB mablag‘lari hisoblanadi. Loyiha doirasida 2192,7 kilomter ichimlik suvi quvurlari va tarmoqlari, 1 ta ichimlik suvi olish inshooti, 43 ta ichimlik suvi tarqatish inshootlari, 3 ta suv minorasi, 613,3 kilomter oqova suv quvurlari va tarmoqlari, 6 ta oqova suv tozalash inshootlari, 67 ta oqova suv nasos stansiyalarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Loyiha to‘liq amalga oshirilishi natijasida Buxoro viloyatidagi 1 million 140 ming nafardan ziyod aholi markazlashtirilgan toza ichimlik suv, 165 ming nafar aholi esa markazlashtirilgan oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, ayni paytda OIIB ishtirokida umumiy qiymati 824,2 million dollarga teng bo‘lgan 3 ta istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. “Qoraqalpog‘iston Respublikasida ichimlik va oqova suv tizimini yaxshilash va modernizatsiya qilish”, “Xorazm viloyatida ichimlik va oqova suv tizimini yaxshilash va modernizatsiya qilish”, “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish (2-bosqich)” loyihalari shular jumlasidandir.

Tadbirda tomonlar mazkur uchrashuv ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

 

N.Bozorova, O‘zA