Orol dengizi mavj urib turgan paytlarda Mo‘ynoq shahriga atrofdagi aholi punktlardan ham odamlar kemalarda qatnagan. Nukus va boshqa olis shaharlardan kuniga 19 marotaba aviareyslar, Toshkentdan esa haftasiga 3 marta samolyot parvozi amalga oshirilgan.

Mo‘ynoqning atrofi dengiz bilan o‘ralib turgan, eng qizig‘i, dengizning ostida karvon yo‘li ham bo‘lgan. Bu haqida asli mo‘ynoqlik tarixchi olim Oktyabr Dospanov qiziqarli voqealarni so‘zlab berdi:

– O‘tgan asrning 80-yillar oxirlarigacha Mo‘ynoqning atrofidagi qishloqlardan odamlar tuman markaziga kemalarda qatnar edi, – deydi Oktyabr Dospanov. – O‘zimiz ham ko‘p marotaba kemada suzardik, shu paytlarda suv tubida kanalga o‘xshash chuqurliklarga ko‘zimiz tushardi. Kemalar shu yo‘lni mo‘ljalga olib suzardi. Odamlar uni «Tuya yo‘li» yoki «Karvon yo‘li» deb atashar edi.

Bir kuni otamdan ushbu yo‘lning ma’nosini so‘radim. Bilsam, Orol dengizi bundan avval XIV-XV asrlarda xuddi hozirgidek qurib qolgan ekan. Savdo karvonlari yo‘lni qisqartirish uchun Ustyurtdan aylanib yurmay dengizning qurigan maydoni bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shimoliy-g‘arb tomon yo‘l olibgan. Karvon yo‘li Ustyurtga chiqib, naryog‘i Jem (Emba) va Edil (Volga) daryolari bo‘ylarigacha yetib borgan.

Tarixdan ma’lumki, Chingizxon Xorazmga bostirib kirishda Amudaryoning oqimini Sariqamish ko‘liga qarab o‘zgartirib yuborgan va Amudaryo endi Orolga quyilmay qo‘yadi. Oqibatda Orol dengizi suvlari qayta boshlaydi, xalq esa dengiz qochgan sari uning izidan borib joylashadi. XIV-XV asrlarda dengizning qurigan maydonlarida ko‘plab qal’alar qurilgan. XVI asrdan boshlab Amudaryo eski o‘zani bo‘ylab qayta oqa boshlaydi va shu qal’alar suv tagida qolib ketgan.

Hozirda Qozog‘iston tomonida dengizning qurigan maydonidan bir necha qal’alar topilmoqda. Mo‘ynoq tumani hududida ham shunday qal’alar bor. Hozirda gaz qazib olinayotan Surgil («Surgil» so‘zi aslida «Sho‘r ko‘l» so‘zidan kelib chiqqan. XIV-XV asrlarda aynan shu joyda xalq yashagan va ko‘lning suvi sho‘r bo‘lib ketgandan keyin u yerni «Sho‘r ko‘l» deb nomlagan) deb nomlanuvchi joydan odamlar qadimiy tangalar, sopol idishlar topgan.

Ye.Qanoatov, O‘zA