1992 yil 26 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan. Mazkur sana munosabati bilan ikki davlat tashqi ishlar vazirlari o‘zaro tabrik yo‘lladilar.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning tabrigida, jumladan, shunday deyiladi:
“O‘zbekistonda Yaponiya bilan yaqin va ishonchli munosabatlar qadrlanadi, biz ushbu mamlakatni ishonchli do‘st, vaqt sinovidan o‘tgan hamkor sifatida bilamiz”.

Tabrikda O‘zbekiston tomoni rasmiy Tokio bilan jahon va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha muloqotni izchil davom ettirishdan manfaatdor ekani ta’kidlangan.

Kun chiqar yurt tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi O‘zbekiston Yaponiya uchun nafaqat ko‘p yillik hamkorlik tarixiga ega do‘st davlat, balki muhim strategik sherik ekanini qayd etadi.

Janob Xayasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Yaponiyada izchil qo‘llab-quvvatlanayotganini ham e’tirof etdi.

2002 yildan buyon O‘zbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 18 marta siyosiy maslahatlashuv o‘tkazilgani o‘zaro strategik sheriklik jadal sur’atda rivojlanayotganidan dalolatdir.

2021 yilda Muhsinxo‘ja Abdurahmonov O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. 2019 yildan boshlab Yoshinori Fujiyama Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Tashki ishlar vazirligi

matbuot xizmati