Daryolarning daryolarga tutashib ketishini ko‘ring: yangi korxona yana o‘nlab yangi turdagi mahsulotlarning dunyoga kelishiga doya bo‘ladi. Bu manzara raqamlar tili bilan ifodalansa, yana kamida 1200 ta xususiy korxona va 12 mingta ish o‘rni paydo bo‘ladi. Yangi korxona homiylari ham tayyor. Bular Rossiya “Gazprombank”i, Yevropaning “Doychebank”, “Landesbank”lari, Xitoyning Davlat taraqqiyot banki.

Qashqadaryo…

Qashqadaryo haqida gap ketganda yoki bu qutlug‘ zaminga yo‘lim tushganda beixtiyor atoqli shoir Abdulla Oripovning “Qarshi qo‘shig‘i” she’ridagi jonbaxsh satrlar xayolimda charx uraveradi:

Oyoqlangan qo‘ziday dovdirar yelda maysa,
Ko‘m-ko‘k moviy osmonda kezib yurar oq bulut.
To‘rt taraf qisib kelib, nogahon jala quysa,
Olamga anqib ketar ming xil ko‘kat, ming xil o‘t…

Taxtaqoracha dovonidan o‘tayotib, baland xarsanglarning biridan afg‘on tomonlarga ko‘z tashlasangiz, hatto ertak-matallarda uchramaydigan bir ajib manzaraga yuzma-yuz kelasiz: bir qo‘li tojik, ikkinchisi turkman tuprog‘i tomon uzalgan afsonavay pahlavon Hisor – Zarafshon tog‘lariga suyangan ko‘yi quchoq ochib qoshingizda turgandek bo‘ladi go‘yo! Necha ming yillik tarixi bor bu tabarruk vohaning. Sohibqiron Amir Temur ot o‘ynatgan, nasafiylaru keshiylardan Abdulla Oripovgacha beshik bo‘lgan muborak zamin. Cho‘l shamollariga ko‘ksini kerib, salkam 29 ming kvadrat kilometr maydonni egallagan pahlavon o‘lka. Jahondagi Lixtenshteyn, Lyuksemburg degan davlatlarning necha-nechasi bemalol joylashib ketishi mumkin uning saxovatli quchoqlariga. Tog‘lariyu dala-dashtlari, katta-kichik daryo-soylariyu changalzor o‘rmonlari bo‘lgan bunday voha kurrai zaminda unchalar mo‘l emas.

Sirtdan qaraganda vohaning katta bo‘lagi shuvoqlar shamolda koptokdek dumalab yotgan cho‘lu biyobonlardan iboratdek ko‘rinadi. Aslida esa bu zamin qa’rida necha ming zamonlardan buyon kolumblarini kutib yotgan shunday muhtasham xazinalar pinhonki, Xudoyimning bu ne’matlarini o‘lchab yoxud sanab chiqishning o‘zi ko‘p mushkul vazifadir.

Men ham bu zalvorli yumushni yelkaga olishdan tiyilib, to‘g‘ri maqsadga o‘taman: bugun Qashqadaryoda uning sandig‘idagi javohirotlarning bittasi – zangori olovi bilan bog‘liq tarixiy voqea sodir bo‘layotir. Hikoyamiz ana shu haqda.

II

Qarshi xalqaro aeroportidan chiqqan avtobuslar karvoni yo‘l mirshablari yetovida cho‘l oralab yelib borayotir. Toshkentdan naq bir samolyot odam kelganmiz. Atrof pastu baland qir, olislarda Hisor tog‘lari qorayib ko‘rinadi. Qishloqlar siyrak. Namxush shamol ravon ko‘chaning ikki qanotida tebranib turgan archalarning shoxlarini tortqilab o‘ynaydi. Bilinib turibdi – archalarning aksariyati yaqinda ekilgan. Aytish mumkinki, “Yashil makon” umumxalq harakatining ilk natijalari bular. Ikki-uch yil o‘tmay, yo‘l bo‘ylarini keta-ketguncha yam-yashil devordek qoplab oladi bu nihollar hali. Ha, archalarning yashnab ketishiga gumon yo‘q, ammo yog‘ingarchilik kam bo‘lgani uchun tuproq-qum do‘ngliklari orasida cho‘kib yotgan o‘ychanlik kishini tashvishlantiradi. Huv, tepalar ortida nayzaday osmonga qadalgan temir quvurlar uchiga esa olov mash’ala ilinib qolgandek. El ardog‘idagi shoir va jurnalist O‘tkir Rahmatning izohi chin bo‘lsa, yer tagida kun ko‘rayotgan gaz konlari shu quvurlardan nafas olar emish. O‘tkir Rahmat bilgich.

– Elimizning baxtiga qor-yomg‘ir mo‘l bo‘lsin-da, – deydi avtobus oynasidan tevarakni kuzatib borayotgan yana bir hamrohimiz – iqtidorli jurnalist Salim Doniyor.

– Xudoyim suygan bandalarini aslo dar qoldirmaydi, – unga javob bergan bo‘ladi O‘tkir aka. – Rizqini beradi. Birini kamroq, birini ko‘proq. Suv ozroqdir, ammo Qashqadaryodagidek gazga boy makon qayerda bor?!

– To‘g‘ri gapirvossiz, – O‘tkir akaning fikrini quvvatlaydi halidan beri suhbatni jimgina eshitib kelayotgan qurilish vaziri Botir Zokirov. – Bilib qo‘ying, Qashqadaryoning yer osti boyligi ustidagisidan bir necha barobar ko‘p. Ikki yildan beri meniyam bir oyog‘im shutta. Gaz klasteri qurilishida baholi qudrat qatnashvomman. O‘h-ho‘! Shunaqangi zo‘r ishlar bo‘vottiki, borganda ko‘rib, og‘zingiz ochilib qoladi, okalar!

Avtoulovlar manzilga yaqinlashgan sayin vazirning hayajoni behuda emasligi ayonlashaverdi. Esimda, bundan yigirma yilcha avval yo‘lim tushgan edi bu tomonlarga. Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining bir qismi ishga tushirilgan edi o‘shanda. Majmua o‘shandan buyon mamlakatimizda kimyo va polimer mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasi rivojiga beshik vazifasini bajarib kelmoqda, minglab kichik sanoat korxonalarining dunyoga kelishiga asos bo‘ldi. Tayyor plastmassa mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar soni 1700 taga yetdi. Necha ming odam ishli, uy-joyli, bola-chaqali bo‘ldi. Majmua salohiyatini, u hozirgi vaqtda viloyat hududiy mahsulotining 8 foizini, sanoatining 17 foizini ta’minlab berayotganidan ham bilsa bo‘ladi. Eshitishimcha, majmuaning yangi qismi ishga tushganidan keyin mahsulot ishlab chiqarish quvvati 3 baravar oshadi.

Gir-tevaragi davlat chegaralaridagisimon simdevorlar bilan o‘ralgan ulkan hududning baland darvozasidan kirgandayoq bir-biriga ulanib ketgan qator inshootlarga ko‘zi tushgan har qanday odamning ichiga bir azim daryo – hayrat va g‘urur, iftixor va quvonch daryosi oqib kirgandek bo‘ladi. Korxonaning keng va baland saroyida davlatimiz rahbarining so‘zlarini tinglayotganda esa ko‘ksingizni g‘ururga to‘ldirgan ana shu daryo dengizga, dengiz esa arslon yolli to‘lqinlari ayqirib yotgan ummonlarga aylanib ketayotgandek bo‘ladi. Prezident ma’ruzalarini barcha vatandoshlarimiz qatori men ham hamisha allanechuk ichki sog‘inch va ehtiyoj bilan tinglayman. Ammo bugungisi… Davlatimiz rahbari hozir ma’ruza emas, baxshiyona jo‘shqin shiddat og‘ushida to‘lib-toshib xalqona alyor, yo‘q, tarixiy doston aytayotgandek edi:

– Bugun ishga tushirilayotgan zavod o‘zining noyob texnologik ustunliklari va yuqori ishlab chiqarish quvvati bilan alohida ajralib turadi. Bunday yirik majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda – Qatar (2 ta), Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgan.

Prezident har bir kalomni shunchalar yuksak iftixor bilan aytar ediki, tilab-tilab olgan yolg‘iz bolasi er yigit bo‘lib yoniga kirganida yoki peshona teri bilan qurgan imorati bitib, necha yillik orzulari ushalganda odam bolasi mana shunday quvonishi, shukuhli onlar qanotida qush singari parvoz qilishi mumkin.

III

Bilaman, Vatanning har zarrasini ko‘z qorachig‘iday ardoqlamagan, umrini eldosh-ovuldoshlari saodatiga baxsh etmoqdan benasib, bamisoli cho‘lda xo‘rak qidirib sanqib yurgan kaltakesak siyoqidagi kaslar bunday baxtiyor damlar shafoatini his qilolmaydi. Maqtovli gaplarni maqtanchoqlikka yo‘yadilar, zafarlar to‘g‘risida halol so‘zlar aytganlarni maddoh deya talqin qiladilar – buniyam bilaman.

Shunday hollarda ularga qarab, hey, birodari azizlar, o‘zingiz ayting, aziz yurtingizda bir-biridan quvonchli zafarlar qo‘lga kiritilayotgan tarixiy evrilishlarni ko‘rib, nega suyunish o‘rniga ichingiz kuyadi, nega ko‘nglingiz Qarshi cho‘llaridek kengaymaydi, qalbingiz Hisor – Oloy tog‘laridek osmonlar bilan bo‘ylashmaydi, deya hayqirgingiz keladi.

Axir, G‘uzorda barpo qilingan bu korxona yer yuzidagi jamiki turdosh-qurdoshlari ichida eng bo‘ychan-baquvvati-ku! Zavod yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gazni qayta ishlab, qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulot ishlab chiqaradi. Bunday yangiliklardan quvonmaslik mumkinmi? Aslo!

Yana 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlansa-chi? Shu mahsulotlar hisobidan yiliga 500 million dollarlik import o‘rni qoplanib, 200 million dollarlik eksport va 2 trillion so‘mlik soliq tushumlari ta’minlansa, nega sevinmaslik kerak?

Bu yerda ishlab chiqarilgan aviakerosin boshqa zavodlarning mahsulotiga nisbatan toza, sifatli va eng zamonaviy samolyotlarga mo‘ljallangani uchun unga hamisha talab yuqori bo‘lsa-chi? Yana zavodda ishlab chiqarilgan dizel yoqilg‘isi Yevro-6 deyilmish standartlarga to‘liq mos kelsa va mintaqamizda bunday toza mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar hali-hozircha umuman mavjud bo‘lmasa! Endi respublikamizda aviatsiya xablari hamda yuk tashishda xizmat qiladigan logistika kompaniyalarini rivojlantirish imkoniyati yaratilsa, iftixor qilmaslik mumkinmi, axir!

Prezident ishlab chiqarish jarayonlarida hosil bo‘ladigan bug‘ ham bu dargoh uchun xizmat qilishga bo‘ysindirilgani to‘g‘risida gapirganda, bu yangilik zaldagilarni qalqitib yubordi. Buni ko‘ringki, GTL texnologiyasi sharofati bilan oddiy bug‘ hisobidan yiliga 650 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilar va natijada zavod o‘zini o‘zi energiya bilan ta’minlar ekan!

GTL mahsulotlarga bo‘lgan talab butun dunyoda kundan kun oshib borayotgani, AQSH, Kanada, Norvegiya kabi bir qancha davlatlarning yetakchi kompaniyalari ham ana shunday loyihalarni amalga oshirish yo‘lida ishlayotgani, Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, GTL mahsulotlar ishlab chiqarish 2030 yilga borib 2 barobar o‘sajagi va zavod sharofati bilan yana 1300 ish o‘rni yaratilishi… Dunyodagi “akang men” degan davlatlar ham pandemiya sababli dovdirab-esankirab turgan ko‘p og‘ir kunlarda bunday yirik majmua qurilib, ishga tushirilishi haqiqatan ham mamlakatimiz tarixidagi eng shukuhli voqealardan biridir.

O‘rni kelganida yana bir adolatli haqiqatni alohida ta’kidlamoq joiz: bu tarixiy inshootning bosh me’mori Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zidir. Prezident bino chizmalari-yu poydevoriga birinchi g‘isht qo‘yilgan kundan to qurilish yakuniga yetgunga qadar muntazam xabar oldi, bir necha marta keldi, ishlarning borishini kuzatdi, maslahatlar berdi, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi.

Agar Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘ktam, dadil, mardona va jasur qat’iyati bo‘lmaganida edi, bu inshoot hali beri chala yotgan, bugungi bayram tantanalari ham dargumon edi.

Pandemiya balosi quturgandayam, kazo-kazolar, iloji yo‘q, qurilishni to‘xtataylik degandayam Prezident ikkilanmadi, chekinmadi, quramiz, osmondan tosh yog‘sa ham zavodni belgilangan muddatda ishga tushiramiz degan hayotbaxsh ishonchni bunyodkorlar qalbiga singdirdi, ularga ilhom, kuch-g‘ayrat baxsh etdi davlat rahbarining sobitqadam siyosati. “Yurt egasi yo‘lbarsdir, oldirgani qo‘ymasdir”, deganlari shu bo‘lsa ne ajab!

Shunday damlarda, eh, bu korxonalar 15-20 yil avval qurilganda bugun qanday yuksak manzillarga yetgan bo‘lardik, degan armon kechadi xayolingdan. Go‘zal qizlarimiz, pahlavon yigitlar begona tuproqlarda ish qidirib, notanish ostonalarda sarson bo‘lmas edi-ya!..

– Yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ham rejalarimiz bor, – shiddat bilan davom etadi Prezident. – Jumladan, zavod negizida alkil benzol, buten va geksen, sintetik moylar, maleinangidrid, emulsion qo‘shimchalar, katalizatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 620 million dollar bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshiriladi.

Bu yangiliklar ham hali hammasi emas ekan. Jilg‘alar irmoqlarga, irmoqlar anhoru soylarga qo‘shilib, jo‘shqin daryolarga aylanib ketganidek, bu zavodda tayyorlangan mahsulotlar kimyo va maishiy kimyo, to‘qimachilik, charm va mebel, qurilish materiallari va elektrotexnika kabi sohalarda keng qo‘llanilib, ana shu tarmoqlar rivojida ham muhim rol o‘ynar ekan.

O‘rni kelganida yangi korxonaning behad ibratli fazilatlaridan yana biri xususida ham to‘xtalmoq kerak. Gap shundaki, uning mahsulotlari jahondagi eng yuqori ekologik talab va standartlarga to‘liq javob beradi. Chiqindi va zararli gaz hosil qilish boshqa an’anaviy yoqilg‘ilarga nisbatan 40 foiz kam bo‘ladi. Natijada har yili 13,5 ming tonna zararli gazlar havoga chiqishining oldi olinadi.

Prezident ayni daqiqalarda ma’ruza qilayotgan odamga emas, bamisoli to‘lqinlarni yorib ummon ichiga kirib borayotgan shiddatkor kemaga o‘xshar edi. Shavkat Mirziyoyev:

– Bugun Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini 3 baravar kengaytirish bo‘yicha yana bir yangi majmuaga tamal toshini qo‘yamiz, – deganida hammaning vujudi yana quloqqa aylandi. – Yangi korxonada GTL zavodida ishlab chiqariladigan 430 ming tonna naftani qayta ishlash hisobiga yiliga 380 ming tonna polietilen va polipropilen tayyorlanadi. Yana mingta yangi ish o‘rni yaratilib, qo‘shimcha 550 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Daryolarning daryolarga tutashib ketishini ko‘ring: yangi korxona yana o‘nlab yangi turdagi mahsulotlarning dunyoga kelishiga doya bo‘ladi. Bu manzara raqamlar tili bilan ifodalansa, yana kamida 1200 ta xususiy korxona va 12 mingta ish o‘rni paydo bo‘ladi. Yangi korxona homiylari ham tayyor. Bular Rossiya “Gazprombank”i, Yevropaning “Doychebank”, “Landesbank”lari, Xitoyning Davlat taraqqiyot banki.

Yana bir quvonch – har ikki yangi zavod hisobidan Sho‘rtan majmuasida respublikamizning birinchi yirik gaz-kimyo klasteriga asos solindi. Endi, Xudo xohlasa, bu majmuada ishlab chiqarish hajmi hozirgi 290 million dollardan 2025 yilga borib 1,8 milliard dollarga yetkaziladi. Ishlab chiqarish hajmi 6 barobar oshadi. Yana ham soddaroq aytganda, 1 dollarlik xomashyodan 10 dollarlik tayyor mahsulot yaratiladi.

Yangi klaster nafaqat neft-gaz kimyosi sohasi, balki barcha sanoat tarmoqlari rivojiga ham katta ijobiy ta’sir o‘tkazadi.

Davlat rahbarining jo‘shqin ma’ruzasidan keyin xorijlik hamkorlar, qashqadaryolik keksalar, ayollar birin-ketin minbarga kelib, o‘z taassurotlarini bayon qildi. Shu o‘rinda g‘uzorlik keksa muallim Husniddin Nuriddinovning so‘zlaridan bir parcha keltirmasam bo‘lmas:

– Kecha biz, g‘uzorlik bir guruh nuroniylar zavodga kirib aylanib ko‘rdik, – dedi u. – Hayron qoldik, yangi O‘zbekiston barpo etilayotganiga to‘liq ishonch hosil qildik. Mening mutaxassisligim kimyogar bo‘lgani uchun zavodning markaziy laboratoriyasiga kirdim. Biz kimyo laboratoriyasi deyilganda ilgari o‘qigan joyimizda oddiy shishadan qilingan probirkalarni tushunar edik. Bugun zamonaviy zavodning markaziy laboratoriyasiga o‘rnatilgan asbob-uskunalarni ko‘rib hayron qoldim, shunaqa narsalar ham bo‘lar ekan-ku, deb. Ularni, ularda mehnat qilayotgan yoshlarni, yoshlarning ilmini ko‘rib hayratim battar oshdi. Qaniydi men ham yosh bo‘lib qolsam, shu yoshlar qatorida ishlasam, degan armon paydo bo‘ldi ichimda.

Yana bir notiq – G‘uzordagi ko‘p tarmoqli poliklinika laboranti Zulfiya Ergasheva so‘zlayotganda Prezident chehrasi shunchalar yolqinlanib ketdiki… Kim bilsin, ehtimol, davlatimiz rahbarining yodiga suyukli onajoni, onajonining beshik ustida aytgan allalari tushgandir shu lahzalarda…

– Men g‘uzorlik oddiy onaman. Ikki o‘g‘lim bor, ikkovi ham oliy ma’lumotli. Shu neft-gaz sohasida o‘qishgan. Men g‘ururlanyapmanki, ular siz qurib bergan chiroyli zavodlarda ishlayapti. Allohga shukr. Boya siz aytgan fikr balandparvoz gap emas. Ikki o‘g‘lim ham 14-15 milliondan oylik olishyapti. Bu kelajakka ishonch. Biz ota-onalar uchun farzandlarimiz ko‘zlarida o‘t chaqnab turishini ko‘rishdan katta baxt yo‘q. Biz nima qilamiz? Biz Sizni, Vatanimizni, yangi O‘zbekistonimizni duo qilamiz. Ilohim umringiz uzoq bo‘lsin, kelgusi rejalaringizga omad, sog‘ bo‘ling. Butun O‘zbekiston onalari nomidan sizga qulluq qilaman.

Xonadon shamchirog‘i, millat yulduzi, sadoqat va ezgulik mehrobi bo‘lmish mo‘’tabar xilqat – ona mamlakat rahbariga barcha ayollar nomidan ta’zim qildi. Prezident ham qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, onaning ehtiromiga munosib javob qaytardi. Illo, ertaklarimizda onalar so‘zlaganda shamollar esishdan, bulutlar yomg‘irdan, ummonlar hayqirishdan to‘xtaydi, deyilmaydi-da, bekordan bekorga. Xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripov esa “Onadan tug‘ilgan Payg‘ambarlar ham”, deya e’zozlaydi bu ulug‘ zotlarni.

V

Chin bayramga aylangan mashvarat, nihoyat, nihoyasiga yetdi. Ammo zaldagilar Prezidentidan, Prezident esa hamyurtlaridan sira-sira ajralgisi kelmasdi. Bunday baxt – xalqning Prezidentiga, Prezidentning xalqiga bunday samimiy va otashin mehri jahonning yana qaysi puchmog‘ida bor – bunisini bilmayman. Ammo hozirgi haqiqat shuki, saroydagilarning hammasi xayrlashuv onlari tugab qolishidan cho‘chir, ardoqli davlat rahbaridan ajralgisi kelmasdi. Prezident qalbi ham aynan shunday hislarga to‘lib turgan ekan-da, minbardan tushayotib tashqarigamas, zalga burildi. Old qatordagi oqsoqollar, mehmonlar, ishlab chiqarish ilg‘orlari bilan birma-bir qo‘l olib ko‘rishdi, hol-ahvol so‘rashdi. Bunday latofat endi hech kimning esidan chiqmasa kerak…

Yana ustoz shoirimizning bu kunlarni bashorat qilib yozgan satrlari xayolga bostirib kelaveradi:

Mana bu kun bobolar arvohi chappor urar,
Mening azamat yurtim – o‘zbekning sahrosida.
Hazrati Xizr emas, Jayhunning sasi yurar,
Saksovul bosib yotgan cho‘llarning ma’vosida…

Daryolarni daryolarga tutashtirgan dovrug‘li korxona ana shu tariqa ishga tushdi. Bu daryolar endi dengizlarga, dengizlar ummonlarga aylangay. Bu daryolar Sayhunu Jayhun singari mamlakatimiz sanoatini obihayot bilan ta’minlagay. Yangi O‘zbekiston mo‘’jizalarini jahonga yoyib, o‘zbek nomini ko‘klarga ko‘targay. Xudo xohlasa, farahbaxsh kunlar uzoq emas.

 

Abdusaid KO‘CHIMOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist