Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, shimoliy tumanlari aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jumladan, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil qilish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish va boshqa masalalarda ko‘maklashish uchun viloyatlar ushbu hududlarga biriktirildi.

Farg‘onadagi mutasaddi tashkilotlar, tadbirkorlik sub’ektlari va fermer xo‘jaliklari Bo‘zatov tumanida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Mazkur tumanda farg‘onalik tadbirkorlar tomonidan 2022-2024 yillarda jami 426 milliard so‘mlik 60 ta loyihani amalga oshirish orqali 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rnni tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Bo‘zatov tumani hududida 2022-2024 yillarda paxta-to‘qimachilik, bog‘dorchilik va poliz mahsulotlari yetishtirishni rivojlantirish maqsadida tuman hokimligining bo‘sh turgan zaxira yer fondidan «Farg‘ona Bo‘zatov eksport», «Eldor Bo‘zatov», «Ramiz Bo‘zatov» va «Yaypan Yuniver Klaster» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari uchun ekin maydonlarini ajratib berish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga taklif kiritilib, ayni paytda tadbirkorlar tomonidan foydalanishdan chiqib qolgan ushbu maydonlar qayta o‘zlashtirilmoqda.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida bo‘lib, Farg‘ona viloyatidan tumanga biriktirilgan tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi Raisi Murat Kamolov viloyat hokimiga hamrohlik qildi. Tashrif davomida viloyat hokimi tadbirkorlarning ish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi, Bo‘zatovda tashkil qilinayotgan Farg‘ona viloyati vakolatxonasida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, tuman nuroniylari bilan fikr almashib, yoshlar bilan suhbatlashdi. Xayrullo Bozorov va Murat Kamolov tuman aholisining tomorqa yerlaridagi imkoniyatlarini o‘rganib, ishsiz yoshlarning taklif va mulohazalarini tingladi.

M. Sulaymonov, O‘zA