Poytaxtimizdagi Respublika qon quyish markazida “Ezgulik albatta qaytadi” shiori ostida qon topshirish aksiyasi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar forumi doirasida tashkil etilgan aksiyada 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, harbiy xizmatchilar, talaba-yoshlar, davlat xizmatchilari, ko‘ngilli yoshlar va keng jamoatchilik vakillari donor sifatida ishtirok etdi.

Mazkur tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda joylashgan Respublika qon quyish markazlari, Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutlari, viloyat markazlaridagi tibbiyot muassasalarida ham o‘tkazildi.

Gematologik, onkogematologik va boshqa davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan yoshlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, ushbu kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish va ularni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish hamda yoshlarda olijanoblik, bag‘rikenglik tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan hayriya tadbirida sariq kasalga chalinmagan, “D” ro‘yxatda turmaydigan sog‘lom fuqarolarning donor sifatida ishtirok etishlari ta’minlandi.

Joylarda karantin bilan bog‘liq talab va cheklovlarga qat’iy rioya qilingan holda har bir donor aksiya o‘tkazilishi kuni ertalab belgilangan tartibda Respublika va viloyat qon quyish stansiyasi mutasaddilari tomonidan har bir xodim maxsus nazorat ko‘rigidan o‘tkazilishi hamda ruxsat etilgan taqdirda donorlikka ro‘yxatga olinishi e’tiborga olindi.

Joylardagi aksiya so‘ngida donorlar tomonidan “men donor”, “ezgulik albatta qaytadi” “yoshlar forumi-2021” shiorlarida fleshmoblar tashkil qilindi.

Aksiya davomida topshirilgan “qon preparatlari” Onkologiya va gematologiya markazlarida davolanayotgan bolalar uchun beg‘araz beriladi hamda “albumin” dori vositalari ajratiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hayriya qon topshirish aksiyasida jami 3 ming 120 nafar ko‘ngillilar ishtirok etib, 1 ming 404 litr qon topshirishgan.

Gulnoza Boboyeva, 
O‘zA