Atoqli fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Temurbek Usmonov 2021 yilning 22 dekabr kuni 79 yoshida vafot etdi.

T.Usmonov 1942 yilda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1967 yili Moskva davlat universitetini tugatib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida stajyor-tadqiqotchi sifatida ish boshladi. So‘ngra Moskva davlat universiteti aspiranturasida tahsil olib, 1972 yilda nomzodlik, 1987 yilda doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

U o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy pedagogik va tashkilotchilik faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida katta ilmiy xodim, Elektronika (hozirgi Ion-plazma va lazer fizikasi) instituti laboratoriyasi mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi yirik ilmiy loyihalar bo‘yicha ekspert kengashi raisi, Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer fizikasi instituti bosh ilmiy xodimi va laboratoriya mudiri lavozimlarida samarali mehnat qildi.

Akademik T.Usmonov yurtimizda lazer fizikasi va texnologiyalari, nochiziqli optika va spektroskopiya sohalarining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.

U o‘z sohasi bo‘yicha yangi ilmiy yo‘nalishga asos solib, dunyoda ilk bor quvvatli lazer nurlanishlarining eng katta samaradorlikdagi garmonikalari va yorug‘likning eng yuqori darajadagi parametrik generatsiyalarini olishga erishdi. Uning tadqiqotlari asosida ishlab chiqilgan lazer komplekslari bugungi kunda amaliyotda keng qo‘llanmoqda.

Olim 400 dan ortiq ilmiy maqolalar, 4 ta monografiya, 16 ta patent muallifi bo‘lib, 150 dan ziyod ilmiy maqolalari xalqaro nufuzli jurnallarda chop etilgan edi.

Ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan jonkuyar ustozning bevosita rahbarligida 5 nafar fan doktori va 15 dan ortiq fan nomzodlari yetishib chiqdi.

T.Usmonovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Iste’dodli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Temurbek Usmonovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov, A.Aripov, B.Yo‘ldoshev