Yaponiya hukumati Surxondaryo viloyatida suv, sanitariya va gigiyena tizimini yaxshilash uchun 433 ming dollar mablag‘ sarflaydi.

YUNISEF tomonidan muvofiqlashtirib boriladigan ushbu grant dasturi doirasida mahalliy aholining ehtiyojidan kelib chiqib muayyan tadbirlar amalga oshiriladi.

Xususan, Termiz tumanidagi birlamchi tibbiyot muassasalariga quvur o‘tkazish, suv tarkibini yumshatish va filtrlash, sanitariya inshootlarini qurish, ta’mirlash, elektr va issiq suv uchun quyosh paneli, zaxira suv uchun idish o‘rnatish, chiqindini qayta ishlash hududi barpo etish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga zamonaviy suv, sanitariya va gigiyena infratuzilmasi muntazam ishlashini ta’minlash, uskunalarga xizmat ko‘rsatish doimiy nazoratga olinadi.

– Yaponiya hukumati Markaziy Osiyoning Afg‘onistonga qo‘shni davlatlari, jumladan, O‘zbekistonga, BMT tuzilmalari orqali sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat, suv tarmog‘i va sanitariya sohalarida yordam ko‘rsatishni davom etttiradi, – dedi Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama.

2022 yil mart – 2023 yil fevral oralig‘ida amalga oshiriladigan loyiha natijasida yettita birlamchi tibbiyot muassasasida takomillashtirilgan suv tarmog‘i, sanitariya va gigiyena xizmati yo‘lga qo‘yilib, maishiy chiqindini qayta ishlash bo‘yicha ishonchli tizim yaratiladi. Bunday qulaylikdan Termiz tumanining 80 mingga yaqin aholisi foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

– Muassasalarda zarur infratuzilma mavjudligi odamlarga xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. – Sog‘liqni saqlash maskanlarida infeksiya yuqishining oldini olish, vaziyatni nazorat qilishning samarali usullari ham e’tiborga olinadi. Bu sa’y-harakatlar, ayniqsa, ayollar va bolalarga inklyuziv, sifatli xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratadi.

 

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA