15 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda hukumat a’zolari va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis “O’zbekiston” va “O’zReport” telekanallari, Oliy Majlis Senati rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida jonli efirda uzatildi.
Dastlab senatorlar tomonidan Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021 yil 9 oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Byudjet ijrosini ta’minlashda asosiy e’tibor iqtisodiy barqarorlikni saqlash, ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash va aholini ijtimoiy himoya qilish yuzasidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlaridagi vazifalarga qaratilgan.
“2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunning 9 oyidagi ijrosi belgilangan parametrlar doirasida ta’minlangan.
O‘z vaqtida muvofiqlashtirilgan fiskal va pul-kredit choralari tufayli hisobot davrida respublika iqtisodiyoti 6,9 foizga o‘sgan, YAIM hajmi 519,8 trillion so‘mni tashkil etgan.
Iqtisodiy o‘sish sur’atlari sanoatda 9,0 foizni, qurilish sohasida 4,5 foizni, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida 4,2 foizni hamda xizmat ko‘rsatish sohasida 7,6 foizni tashkil etgan. Iqtisodiyotda o‘sish sur’atlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida inflyatsiya darajasi yil boshidan 5,9 foizni tashkil etgan.
Hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari 116 trillion so‘mni tashkil etib, belgilangan prognoz 108,4 foizga yoki 9,0 trillion so‘mga oshirib bajarilgan. Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,6 trillion so‘mga ko‘paygan.
Davlat byudjetining 2021 yil 9 oylik xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 130 trillion 265,1 milliard so‘mni tashkil etib, aniqlangan reja ko‘rsatkichlariga nisbatan 95,8 foizni yoki YAIMga nisbatan 25,1 foizni tashkil etgan.
Hisobot davrida mahalliy byudjetlar daromadlar qismi prognozga nisbatan 120 foizga bajarilgan yoki 25 trillion 495 milliard so‘mni, xarajatlar qismi esa rejaga nisbatan 104 foizga ijro etilib, 46 trillion 497 milliard so‘mni tashkil etgan.
Mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar daromad ko‘rsatkichi 6 trillion 385 milliard so‘mga ortig‘i bilan ijro etilgan.
Bu esa, o‘z navbatida, aholini ijtimoiy himoyalash va kambag‘allikni qisqartirish, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish imkonini berdi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida ijtimoiy sohaga Davlat byudjetidan 64 trillion 38 milliard so‘m yoki umumiy xarajatlarning 49,2 foizi miqdorida mablag‘ ajratilgan.
Senatorlar hisobot davrida byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida yagona g‘azna hisobvarag‘ining ishonchli va barqaror ishlashi hamda inson omili aralashuvini qisqartirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligiga e’tibor qaratdi.
Moliya vazirligiga byudjetdan mablag‘ oluvchi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ajratilgan mablag‘lardan maqsadli hamda samarali foydalanish ustidan ta’sirchan nazorat tizimini o‘rnatish, byudjet mablag‘larining natijadorligini ta’minlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy etish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan byudjet xarajatlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan rasmiy veb-saytlarda byudjet mablag‘lari xarajatlari, byudjet ochiqligini ta’minlash yuzasidan tegishli ma’lumotlarni joylashtirish zarurligi bildirildi.
Bundan tashqari, aholini tashvishga solayotgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratish, jumladan, “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” mablag‘larini shakllantirish, ulardan samarali va maqsadli foydalanish bo‘yicha ma’lumotlarni rasmiy veb-saytga, jumladan, “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirishni doimiy nazorat qilish lozimligi ta’kidlandi.
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda ijtimoiy himoyaning manzilliligini kuchaytirish zarurligi ham ta’kidlab o‘tildi.
Davlat byudjetining 2021 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra senatorlar tomonidan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Qonunning asosiy maqsadi 2021 yilda qabul qilingan dasturlar va qarorlardagi ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash va ularning moliyalashtirish manbalarini aniqlashdan iborat.
Qonun bilan byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari prognozi hamda xarajatlari, shuningdek, respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari oshirilmoqda.
Shu maqsadda “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”da shakllangan miqdori 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan hamda kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq bo‘lgan tumanlarga (shaharlarga) respublika byudjetidan qo‘shimcha 117 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratilmoqda.
Muhim ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirish uchun Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlariga qo‘shimcha 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahar mahalliy byudjetiga ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, shu jumladan, infratuzilma ob’ektlarini qurish, mukammal ta’mirlash va jihozlash uchun qo‘shimcha 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda.
Bundan tashqari, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armaga qo‘shimcha 50 milliard so‘m transfertlar yo‘naltirilmoqda.
Qonunning ma’qullanishi respublika byudjetidan mablag‘ ajratish, mahalliy byudjetlardan ushbu maqsadlarga sarflanishi nazarda tutilgan mablag‘larni hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yo‘naltirish imkonini yaratadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng yalpi majlisda “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun bilan 2022 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining prognozlari hamda 2023-2024 yillar uchun byudjet belgilanmoqda.
Asosiy e’tibor makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligi va natijadorligi hamda iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, investitsiyalar jalb etuvchanlik va ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan soliq siyosatini tatbiq etish maqsadlariga qaratilgan.
Shuningdek, Qonunni ishlab chiqishda 2022-2026 yillardagi soliq va byudjet siyosatining ijtimoiy yo‘naltirilganini ta’minlash, “natijaga qaratilgan byudjet” tizimini joriy etishga va byudjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish tamoyillariga qat’iy rioya qilingan.
Qonunda soliq siyosatiga muhim o‘zgarishlar kiritilgan. Bunda yalpi ichki mahsulotda salmoqli ulushga ega ishlab chiqarish sohalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish nazarda tutilgan.
Jumladan, 2022 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari 6,0 foizni, shu jumladan, sanoatda 7,0 foizni, qurilish sohasida 8,1 foizni, qishloq xo‘jaligi sohasida 3,3 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori 2022 yil uchun yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilanmoqda.
Bunda byudjet taqchilligining cheklangan miqdoridan oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlar faqatgina qo‘shimcha daromad manbai mavjud bo‘lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Inflyatsiya darajasining pasayishi tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda u 9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Qonun bilan birinchi darajali byudjet mablag‘lari taqsimlovchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan mablag‘ oluvchi quyi tashkilotlarga o‘zlariga ajratilgan byudjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarining 10 foizgacha qismini Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yo‘naltirishga haqli ekanligi belgilanmoqda.
Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik davlat dasturlarini hamda ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirishga doir loyihalarni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida chet el manbalaridan grant asosida ajratilgan mablag‘larning birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun ajratilishi belgilangan miqdorlarini ushbu Qonunga o‘zgartirish kiritmasdan ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.
2022 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 254,6 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 30,3 foizi darajasida prognoz qilinmoqda. Davlat byudjeti daromadlari 199,5 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 23,8 foizi miqdorida belgilanmoqda.
Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 31,9 trillion so‘m, xarajatlari esa 58,7 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Davlat byudjetidan ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim sohasi xarajatlariga 46,9 trillion so‘m, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlariga 22,8 trillion so‘m, madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 3,4 trillion so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,5 trillion so‘m yo‘naltirish belgilanmoqda.
Qonun bilan ko‘p kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni ta’mirlash xarajatlari va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi issiqlik ta’minoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital ta’mirlash xarajatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjetidan moliyalashtirish tartibi joriy qilinmoqda.
Yana bir muhim jihat. Byudjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlar vakolatlari yanada kengaytirilishi munosabati bilan mamlakatimizning barcha tumanlarida (shaharlarida) tegishli byudjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, tumanlar (shaharlar) byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ham yo‘naltiriladi.
Jumladan, Qonunda “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga 1 trillion 553 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratish nazarda tutilgan.
Senatorlar ta’kidlaganidek, Davlat byudjeti mablag‘laridan adolatli hamda maqsadli foydalanish ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim.
Senat a’zolari tomonidan mazkur Qonun ma’qullandi.
So‘ngra senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni muhokama etdilar.
Ta’kidlanganidek, Soliq kodeksiga soliq yukini qisqartirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish borasidagi qator yangi normalar kiritilmoqda.
Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) yaxlit zanjirini ta’minlash hamda mahsulot (xizmatlar) tannarxi va foyda summasini hisoblashda xatoliklarning oldini olish maqsadida byudjet tashkilotlaridan tashqari jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ham QQS ob’ekti sifatida belgilanmoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlarini asosiy vositalar va asbob-uskunalarni doimiy yangilashga rag‘batlantirish uchun soliq maqsadlarida asosiy vositalarni qayta tiklashga hisoblanadigan amortizatsiya ajratmalari normalari miqdorlarining oshirilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, innovatsion hamda ichki va tashqi investitsion faoliyatni rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha “investitsiyaviy chegirma” normasi kiritilmoqda. Shuningdek, “ilmiy tadqiqotlarga va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga doir xarajatlar”ni hisobga olish xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda.
Faoliyat shaklidan qat’iy nazar soliq to‘lovchilarning barcha toifalari uchun sof foydani soliqqa tortishning yagona shart-sharoitlarini yaratish maqsadida norezidentlarning respublika hududida oladigan dividendlari hamda xorijiy investorlar kiritgan investitsiyalardan dividend va foiz ko‘rinishidagi daromadlaridan soliq to‘lashi tartibi kiritilmoqda.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 13 iyuldagi Farmoni talablaridan kelib chiqib, yosh oila tomonidan olingan ipoteka kreditlari va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni er-xotin yoki ulardan birining yoshi belgilangan yoshdan oshguniga qadar har bir soliq davri davomida tegishli miqdorda qoplashga yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilish nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 9 avgustdagi qaroriga muvofiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun belgilangan imtiyoz qo‘shimcha ravishda ularga davlat tomonidan ajratiladigan uy-joylar bo‘yicha ular 23 yoshga to‘lguniga qadar amal qilishi belgilanib, mol-mulk solig‘idan ozod etilmoqda.
Byudjetga soliq tushumlarining to‘liqligini ta’minlash, mahalliy byudjetlar daromad bazasini oshirish, shuningdek, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish maqsadida binolarga mol-mulk solig‘ini hisoblash uchun minimal qiymat belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirish, tovar va mahsulot kuzatishning to‘liq tizimini yaratish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarining oldini olish maqsadida hisobvaraq-faktura yoki nazorat-kassa mashinasi cheklarida xo‘jalik yurituvchi sub’ekt amalga oshiradigan faoliyat turi va xususiyati yoki xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga mos kelmaydigan identifikatsiya kodlarini aks ettirish holatlari bo‘yicha jarima belgilanmoqda.
Qonun bilan mulk solig‘i, yer solig‘i stavkalari va imtiyozlari bo‘yicha o‘zgartishlar, foydali qazilmani qazib olish (ajratib olish) hajmi yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq, foydali qazilmalarning ayrim turlariga nisbatan soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari, foydali qazilmalarni qazib olishda maxsus renta solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash bo‘yicha qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun ham ma’qullandi.
Shundan so‘ng “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksi, “Hisob palatasi to‘g‘risida”gi va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarini tashqi auditdan o‘tkazish va baholash tizimi joriy etilib, Qonunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarini shakllantirish va ularni ijro etish to‘g‘risidagi yillik hisobotlarni Hisob palatasi tomonidan har yili tashqi auditdan o‘tkazish hamda baholash tizimi joriy etilmoqda.
Byudjet kodeksida Hisob palatasining vakolatlari ham kengaytirilib, u Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va o‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiya bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining loyihalari bo‘yicha esa tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga xulosa taqdim etishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonun bilan vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari konsolidatsiyalashgan byudjet tarkibiga kiritilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti mablag‘lari hisobidan shakllantiriladigan, ammo uning tarkibiga kirmaydigan jamg‘armalarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.
Qonunning ma’qullanishi byudjet jarayonining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta’minlashga ko‘maklashadi hamda byudjet jarayoni ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytirilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijro etilishining borishi ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, so‘ngi yillarda Orolbo‘yi mintaqasida investitsiyalar jalb etuvchanlikni oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, Orol dengizining ekologik halokati oqibatlarini yumshatish borasida misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Senatorlar Prezidentimiz tomonidan oxirgi bir yil mobaynida mazkur hudud bo‘yicha 5 ta farmon va qarorlar qabul qilinganini, ushbu hujjatlarda Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarni tubdan isloh qilish, xorijiy va mahalliy investorlarni keng jalb qilish nazarda tutilganini alohida e’tirof etdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 11 noyabrdagi PQ–4889-sonli qaroriga muvofiq 1 ming 359 ta loyiha doirasida 12 trillion 259,1 milliard so‘mlik keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi va 17 ming 259 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan.
Senat tomonidan qat’iy parlament nazorati o‘rnatilishi natijasida, shuningdek, joylarda olib borilgan sa’y-harakatlar, yuzaga kelgan muammolarga joyida yechim topish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli qiymati 8 trillion 846,2 milliard so‘mlik 1 ming 65 ta (78 foiz) loyiha ishga tushirilgan hamda 8 ming 372 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan.
Shuningdek, 46 ta loyiha muddatidan oldin ishga tushirilib, 239 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Bundan tashqari yo‘l, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’ektlarini qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 201,3 milliard so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirilgan hamda 79 ta ijtimoiy soha ob’ektida 233,3 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan.
Ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti og‘ir toifaga kiritilgan 45 ta mahalla va ovulda xizmat ko‘rsatish sohasida yangi 74 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilingan, barcha mahalla fuqarorlar yig‘inlarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan.
Senatorlar amalga oshirilayotgan ishlar natijasida aholi turmush darajasi oshayotgani, yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani, aholi daromadlari ko‘payayotgani bilan birga ayrim muammoli masalalar mavjudligini ham qayd etdilar.
Xususan, 2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan 124 ta loyihani ishga tushirish muddatini uzaytirish zarurati vujudga kelgan.
Qorao‘zak tumanida qiymati 3 milliard so‘m va Qo‘ng‘irot tumanida qiymati 5,5 milliard so‘m bo‘lgan avtomobillarga siqilgan gaz quyish shahobchalarini tashkil etish loyihalariga Energetika vazirligi tomonidan ruxsatnoma taqdim etish muddati kechiktirilmoqda.
Qorao‘zak tumanida vermikulit qazib olishni kengaytirish va uni chuqur qayta ishlash bo‘yicha umumiy qiymati 8,9 milliard so‘mga teng 3 ta loyiha bo‘yicha Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasidan litsenziya olish uchun hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilmagan.
Hududda amalga oshirilayotgan 555,5 million dollarga teng bo‘lgan 5 ta loyiha bo‘yicha ishlar oxiriga yetkazilmagan, 280,3 million dollar hajmidagi 13 ta loyiha bo‘yicha ishlarni jadallashtirish lozim.
Shu bilan birga, “Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi bo‘yicha joriy yilda rejalashtirilgan 56,2 million dollarga teng kredit mablag‘larining atigi 21,32 million dollar o‘zlashtirilgan.
“O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha Nukus, Beruniy, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Amudaryo tumanlaridagi suv inshootlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun joriy yilda o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan 21,9 million dollarga teng mablag‘ning 1,7 million dollar o‘zlashtirilgan, xolos.
Muhokamalar yakunida Senatning mavjud muammolarni zudlik bilan hal etish, chora-tadbirlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish nazarda tutilgan tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra senatorlar tomonidan “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, uzoq yillar davomida transplantatsiya yo‘nalishi bo‘yicha qonunchilik asoslari yaratilmagani transplantologiyaning klinik fan sifatida to‘xtab qolgan va kasalliklarga chalingan ko‘p sonli bemorlarning hayotini saqlab qolish imkoniyati yo‘qotilishiga olib keldi.
Ushbu vaziyat ba’zi bemorlarni bu turdagi amaliyotlarni qimmatligiga qaramay, chet el tibbiyot muassasalarida o‘tkazishga majburlamoqda. Ular chet ellarda davolanishda turli mashaqqatlar, katta miqdordagi moliyaviy xarajatlar, xorijga safari davomida chet tillarida so‘zlashish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Ma’lumki, insonning juft bo‘lmagan a’zolarini (yurak, jigar, oshqozonosti bezi va boshqa a’zolar) faqat murdadan olish imkoniyati mavjud. Transplantatsiya muvaffaqiyatli o‘tishi uchun transplantni, ya’ni olinishi mo‘ljallangan organni o‘lim konstatatsiyasi amalga oshirilgan zahoti transplantning keyinchalik normal faoliyat qilishiga to‘sqinlik qiluvchi holatlar yuzaga kelishidan oldin murdadan olish lozim bo‘ladi.
Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, fuqarolarimizga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish va o‘ta og‘ir bemorlarning to‘laqonli hayotga qaytishiga imkon yaratish maqsadida ushbu Qonun ishlab chiqildi. Uni ishlab chiqishda Germaniya, Polsha, Rossiya, Belarus, Ukraina, Moldova va AQSH kabi davlatlarning transplantatsiyaga taalluqli qonunchiligi o‘rganildi.
Qonun transplantatsiyani amalga oshirish maqsad va shartlari, transplantatsiya ob’ektlari, donorlar doirasi (tirik va o‘lganlar), donor va retsipiyentning huquqlari, tirik va o‘lgan donorlardan a’zo va to‘qimalarini olish shartlarini belgilab beradi.
Qonunning qabul qilinishi sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, aholining huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoyasiga qaratilgan davlat siyosatining amaldagi qonunchilik asoslarini to‘ldirishga imkon yaratadi. Bundan tashqari, kasallanish va a’zolardagi qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlar tufayli o‘limga olib keluvchi holatlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, senatorlar yalpi majlisda “Yoshlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni ham muhokama qildilar.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning butunlay yangi tizimi yaratilib, Yoshlar ishlari agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish agentlikning asosiy vazifalari sifatida belgilangan.
Ushbu vazifa va vakolatlarning mustahkam huquqiy asoslarini yaratish maqsadida yangi Qonun bilan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi hamda “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Maxsus vakolatli davlat organi sifatida Yoshlar ishlari agentligiga yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat olib borish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda ishtirok etish, yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini bartaraf qilish haqida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolatlari berilmoqda.
Shuningdek, maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari davlat organlari hamda tashkilotlariga yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlarning ijrosi to‘g‘risida asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish talabi bilan so‘rovlar yuborishga haqli ekanligi belgilanmoqda.
Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari maxsus vakolatli davlat organi bilan majburiy tartibda kelishilishi qonunan mustahkamlanmoqda.
Qonun bilan Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoyalash sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.
Muhokamada so‘zga chiqqan senatorlar bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar tomonidan sodir qilinayotgan huquqbuzarliklar, xususan, bezorilik aks etgan videolavhalar keng tarqalayotganini taassuf bilan ta’kidlab, bunday lavhalarni bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot sifatida baholadilar. Mazkur holatlarning oldini olishda endilikda Yoshlar ishlari agentligiga qator vakolatlar berilayotgani maqsadga muvofiqligini ta’kidladilar.
Bir so‘z bilan aytganda Qonun qabul qilinishi yoshlarga oid davlat siyosati, yoshlarning nazoratsizligi va huquqbuzarligi profilaktikasi, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi Yoshlar ishlari agentligining vakolatlarini huquqiy jihatdan belgilashga hamda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga asos bo‘ladi.
Mazkur qonun ham ma’qullandi.
So‘ngra yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 245 va 2458-moddalariga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan.
Qonun xususiy mulkka bo‘lgan huquqni himoya qilish va mansabdor shaxslar ko‘chmas mol-mulkiga aralashuv holatlarining oldini olishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida Biznes-ombudsmanga tadbirkorlarning huquqlarini buzgan davlat idorasi mansabdorlariga nisbatan ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha vakolat berish taklifi bildirilgan edi.
Xususiy mulkni himoya qilish bilan bog‘liq mazkur muammoli vaziyatlarlarni bartaraf etish maqsadida qonunchilikni takomillashtirish, shu jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakiliga tadbirkorlar manfaatlari buzilishi holatlari borasida ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini berish belgilanmoqda.
Qonun qabul qilinishi xususiy mulk daxlsizligi, tadbirkorlik faoliyati erkinligini ta’minlash, davlat organlari mansabdor shaxslarining huquqbuzarlik profilaktikasini kuchaytirishning institutsional mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar tomonidan “Tadbirkorlar kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, respublikamiz iqtisodiyotining asosiy lokomotivi, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va turli ijtimoiy masalalarni hal etishda alohida o‘rin tutgan tadbirkorlar kasbiy bayramining belgilanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz mamlakat tadbirkorlari bilan 2021 yil 20 avgust kuni ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda 20 avgustni mamlakatimizda Tadbirkorlar kuni deb e’lon qilib, uni har yili yurtimizda keng nishonlash tashabbusini ilgari surgan edi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tadbirkorlik sub’ektlari soni yildan-yilga ko‘payib, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi tobora oshib bormoqda.
Respublikamizda soliq tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi soddalashtirilib, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq nazorat tadbirlarini o‘tkazish ham tartibga solinmoqda.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasida 20 avgust Tadbirkorlar kuni sifatida belgilanmoqda.
Tadbirkorlar kasbiy bayramining belgilanishi Yangi O‘zbekistonning barpo etilishida tadbirkorlikning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy ahamiyatini yanada yuksaltirish, jamiyatimizda tadbirkorlikni yanada ommalashtirish hamda insofli tadbirkorlikni tizimli rag‘batlantirish imkonini beradi.
Senat a’zolari mazkur Qonunni ma’qulladilar.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati