Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Xoshamet – 2021” yilning eng fidoyilarini mukofotlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston yoshlari forumi – 2021” doirasida o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada takomillashtirish, yosh avlod vakillarini ma’naviy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalashda ham davlat ham nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

bugungi kunda barcha sohalarda va o‘quv muassasalarida tengdoshlariga teran bilimi, faoliyati va tashabbuslari bilan namuna bo‘layotgan yoshlarga mamlakatimiz kelajak poydevorlari sifatida qaralmoqda. Yurtimizda ilm-fan, madaniyat, sport, adabiyot sohalarida yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat mukofotlari, stipendiyalar va grantlar joriy etilgan.

Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan madaniyat, san’at, ijodiyot, jurnalistika, sport sohalarini va tadbirkorlikni keng rivojlantirish, tinchlikni ta’minlash, shuningdek mazkur sohalarda yutuqlarga erishgan eng fidoyilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2017 yildan buyon “Xoshamet” tadbiri o‘tkazib kelinmoqda.

Marosimda o‘z xizmat vazifasini bajarishda fidoyilik ko‘rsatib, yuqori natijalarga erishib, jamiyatda hurmat e’tibor qozongan O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi maqsad va vazifalarini amalga oshirishda faollik ko‘rsatayotganlar  “Yilning eng namunali yoshlar ustozi”, “Yilning eng namunali hokimi”, “Yilning eng namunali tuman, shahar Sardorlar Kengashi”, “Yilning eng namunali hamkor tashkiloti”, “Yilning eng namunali yoshlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari”, “Yilning eng namunali Yoshlar ishlari agentligi shahar, tuman bo‘limi”, “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi”, “Yil fidoyilari”, “Yilning eng namunali yosh sportchisi”, “Yil volontyori”, “Yilning eng na’munali vayneri”, “Yilning eng yosh qo‘shiqchisi”, “Yilning eng namunali sektor rahbari” kabi 20 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Mukofot egalariga Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining maxsus diplomi, statuetka va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbirda san’atkorlar ishtirokida gala-konsert namoyish etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA